AQShda fuqarolar urushi (1861-1865), XIX asr oʻrtalarida burjuaziya hukmron boʻlgan Amerikaning shimolidagi shtatlar bilan quldorlik hukmron boʻlgan Janubdagi shtatlar oʻrtasidagi kurash. Janubiy shtatlardagi quldorlik AQShda sanoatning oʻsishiga toʻsqinlik qilardi. Janubdagi quldorlik shtatlari qulchilikni saqlab qolish hamda uni butun mamlakatga yoyish maqsadida isyon koʻtarganlar (1861-yil aprel). Bu urush ikki bosqichdan iborat boʻlib, birinchi bosqichi (1861-1862) da Janubiy shtatlar ustun keldi. Chunki AQSh prezidenti Abraham Lincoln urushni qatʼiyat bilan olib bormadi. Shimoliy shtatlarni yuksalib borayotganidan choʻchigan Angliya va Fransiya quldorlik shtatlarini qoʻllab-quvvatladi. Urushning ikkinchi bosqichida (1863 – 1865) Shimoliy shtatlar gʻalaba qozondi. Unda keng xalq ommasi ishtirok etdi. Inqilobiy demokratik harakatlarning kuchayishi natijasida Linkoln hukumati armiyani kuchaytirdi va boshqa tadbirlar oʻtkazdi. Uning urushda qatnashganlarga uncha katta boʻlmagan pul evaziga Gʻarbda 160 akr (65 ga) dan yer berish haqidagi (May, 1862-yil) va qora tanli qullarni ozod etish haqida (Yanvar, 1863-yil) gi qonunlari quldorlikka qarshi kuchlarni ragʻbatlantirdi, pirovardida Shimoliy shtatlar gʻalabasini taʼminladi. Urush burjua demokratik inqilob tusini oldi. 1864-1865-yillarda janubiy liklarning asosiy kuchlari tor-mor qilindi va 1865-yil apreda quldorlik shtatlarining poytaxti – Richmond shahri egallandi. Shimolning gʻalabasi mamlakatda burjuaziya hukmronligini mustahkamladi, plantatorlar hukmronligi va qulchilikni yoʻq qilgan (rasman 1863-yil 1-yanvarda bekor qilingan), gʻarbdagi yerlarni oʻzlashtirish va jadal surʼatda industrlashtirish uchun shart-sharoitlar yaratib bergan. AQSh hududining aksariyat qismida qishloq xoʻjaligida fermerlik (Amerikancha deb atalmish) yoʻli gʻalaba qilgan. Biroq fuqarolar urushi yersiz ozod qilingan neflarga haqiqiy ozodlik keltirmagan[1].