Adabiyot

Adabiyot (arabcha — adab soʻzining koʻpligi) — 1. Fan va amaliyotning biror sohasidagi yutuqlarni umumlashtiruvchi asarlar majmui (texnikaviy adabiyot, qishloq xoʻjaligi adabiyoti, siyosiy adabiyot va boshqalar). 2. Sanʼatning bir turi (badiiy adabiyot deb ham ataladi); voqelikni soʻz yordamida obrazlar orqali aks ettiradi.

Adabiyot avval ogʻzaki boʻlgan, yozuv paydo boʻlgandan soʻng yozma shaklga oʻtgan. Adabiyot soʻz orqali insonning his-tuygʻularini keng va chuqur aks ettirish imkoniyatiga ega, shuning uchun ham u sanʼatning eng ommaviy turi hisoblanadi.