Akmaljon Qosimov

Akmaljon Qosimov (1937.20.2, Shahrixon shahri — 2004.23.6, Toshkent) — biokimyogar, Oʻzbekiston Fanlar akademiyasi akademik (2000), biologiya fanlari doktori (1978), professor (1978). ToshDUni tugatgan (1961). ToshDU biofizika kafedrasida assistent (1964-66), katta oʻqituvchi (1966), dotsent, tuproqshunoslik fakulteti dekan oʻrinbosari (1969—73), oʻsimliklar fiziologiyasi kafedrasi mudiri (1973—76), Andijon pedagogika instituti rektori (1976—92), viloyat hokimi oʻrinbosari (1992—93), Andijon universiteti rektori (1993—95), Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi raisi oʻrinbosari (1995 — 2000). Oʻzbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi vazirligi bosh boshqarmasi boshligʻi (2000—04). Ilmiy ishlari radioaktiv nurlanish, metallarning ultradispersiyali kukuni. past harorat va tuzlarning hujayra hamda organizmdagi fiziologik va biokimyoviy jarayonlarga taʼsirini oʻrganishga bagʻishlangan.