Alanlar – milodiy 2-9-asrlarda Quyi Volga boʻyi, Janubiy Uraloldi, Don boʻyi, Shimoliy Kaspiy boʻyi (Dneprgacha) mintaqalarda yashagan qabilalar; sarmatlarning avlodi. Oʻzlarini ironlar deb ataydilar, Vizantiya manbalarida alanlar, gruzin manbalarida oslar, rus yodnomalarida yaslar deb ataladilar. Mil. av. 2-asrdan roksolanlar nomi bilan maʼlum. Hind-yevropa til oilasining eron tarmogʻiga mansub tilda soʻzlashgan. Alanlarning asosiy xoʻjaligi chorvachilik va qisman dehqonchilik boʻlib, keyinchalik hunarmandchilik, kulolchilik, zargarlik va metallurgiya taraqqiy etadi. Alanlar ijtimoiy hayotida qabila boshliqlari muhim oʻrin tutgan. Alanlar 4-asrda (372) gunnlar va 6-asrda avarlar tomonidan qattiq zarbaga uchraydilar. Ularning bir qismi xalqlarning buyuk koʻchishida ishtirok etib Gʻarbiy Yevropa va Shimoliy Afrikaga borib oʻrnashadi. U yerda alanlar vandallar bilan birgalikda 6-asr oʻrtasigacha mavjud boʻlgan davlat barpo etganlar. Dogʻistondan Kuban boʻyigacha alanlar yashagan hudud 7-10-asrlarda Xazar xoqoni tasarrufida boʻlgan. Bu davrda Alanlar Xazar xoqonligi, Vizantiya va Arab xalifaligiga qarshi kurashdilar. 10-12-asrlarda alanlarning ilk davlati tuziladi. Shu davrda alanlarda yunon alifbosi asosida yozuv vujudga keladi. 1238-39 ylarda moʻgʻullar alanlarga qaqshatqich zarba berib Kavkazoldi tekisliklarini egallaydilar. Omon qolgan alanlar Markaziy Kavkaz togʻlari va Kavkazorti (Janubiy Osetiya)ga ketadilar va u yerdagi mahalliy Kavkaz aholisi bilan qoʻshilib ketganlar. Alanlar qabilalari oʻrtasida 7-asrda xristian dini, 14-asrda islom dini tarqaladi. Alanlar osetin xalqining bevosita ajdodi boʻlib, ular Shimoliy Kavkazning mahalliy aholisi etnogenezida hamda madaniyatining vujudga kelishida muhim rol oʻynagan.