Ushbu sahifani Xronik alkogolizm bilan birlashtirish taklif etiladi. (munozara) |
Alkogolizm | |
---|---|
Klassifikatsiyasi va tashqi linklar | |
Ixtisos | psychiatry[*], medical toxicology[*], psixologiya, vocational rehabilitation[*], Narkologiya[*] |
OMIM | 103780 |
MedlinePlus | 000944 |
eMedicine | article/285913/{{{eMedicineTopic}}} |
MeSH | D000437 |
Alkogolizm — tibbiyot nuqtai nazaridan spirtli ichimliklarni mudom ichaverish oqibatida roʻy beradigan surunkali kasallik; ashaddiy ichkilikbozlik. Keng maʼnoda — spirtli ichimliklarni meʼyoridan ortiq ichishning kishilar sogʻligʻi va mehnat qobiliyatiga, maʼnaviy va maishiy hayotiga, shuningdek jamiyat farovonligiga yetkazadigan zararlari majmui. Alkogolizm individual va ijtimoiy hayotning hamma shakllariga taʼsir koʻrsatadi. Ichkilik taʼsirida odamlar jamiyat va davlat oldida mas’uliyat sezish hissini yoʻqotib qoʻyadi, bezorilik va qonunni buzishga aloqador boshqa xatti-harakatlarni qilishi mumkin. Alkogolizm ishlab chiqarishga zarar yetkazadi, mehnat intizomining buzilishi va unumdorligining pasayishi, odamlarning xastalanib qolishi va hatto bevaqt halok boʻlishiga olib keladi. Mastlikda odamning muvozanatni yaxshi saqlay olmasligi, diqqati chalgʻib, atrofdagi vaziyatni aniq bila olmasligi baxtsiz hodisalarga sabab boʻladi.
Alkogolizm odam organizmidagi hamma sistemalar va aʼzolar faoliyatiga putur yetkazadi. Ichkilikboz odam oʻzi ichayotgan ichkilik miqdorini bilmay qoʻyadi, markaziy va periferik nerv sistemasi faoliyati buzilib (psixik kasalliklar, nevritlar va boshqa paydo boʻladi), ichki aʼzolar funksiyasi izdan chiqadi. Ichkilikning zaharli taʼsiri moddalar almashinuvi, ayniqsa vitaminlar almashinuvining buzilishiga olib keladi. Ichkilikboz odam qoʻl barmoqlari, koʻz qovoqlari, til uchining titrab turishi, shuningdek har kuni bajarib yurgan odatdagi ishini bajara olmay qolishi mumkin. Koʻp ichadigan odamda koʻz xiralashib, baʼzan quloq ham ogʻir tortib qoladi. Ichkilikning meʼdaga taʼsiri natijasida shu aʼzoning barcha funksiyalari buziladi. Ichkilik ayniqsa jigarga zararli taʼsir koʻrsatib, jigar sirrozi yuzaga keladi. Alkogolizm pankreatit, qand kasalligi, stenokardiya va miokard infarkti kasalliklariga ham sabab boʻladi. Ichkilik ichki sekretsiya bezlari va birinchi galda jinsiy bezlarga zarar qiladi, mijoz susayib, jinsiy zaiflik paydo boʻladi[1]. Ayollar ichkilik taʼsirida tez soʻlib qoladi, pushti susayib, homiladorlik vaqtida har xil asoratlar koʻproq uchraydi. Mudom ichib yurish kishining barvaqt qarib, nogiron boʻlib qolishiga olib keladi. Alkogolizmning oldini olish. alkogolizm belgilari paydo boʻlganda, ichkilikbozni narkologiya shifoxonalariga yotqizib, uzoq vaqt davomida narkolog vrach kuzatuvida muntazam davolanishni tashkil qilish kerak.