Amir (arabcha: امير – amr qiluvchi, boshliq, hokim) – lashkarboshi, hokim, bek. Arab xalifaligining dastlabki xalifalari va umaviylar davrida alohida qoʻshin qoʻmondonlari amir deb atalib, ular odatda zabt etilgan viloyatlarga noib etib tayinlanganlar. Xalifalarga Umar ibn al-Xattobdan boshlab „Amir al-moʻminin“ („Moʻminlar Amiri“) unvoni berilgan. Abbosiylar davrida amir odatda xalifalarning oliy hukmdor ekanligini tan olgan hokimlar, shuningdek xalifalikka nomigagina qaram boʻlgan sobiq noiblar (agʻlabiylar, tuluniylar, tohiriylar) yoxud qurol kuchi bilan oʻzlari davlat barpo etgan mustaqil hokimlar (safforiylar, taznaviylar, buvayhiylar); ularni 10-asrda sultonlar deb ham atay boshlashgan 10-asr oxiri – 11-asr boshida amir deb turli tabaqaga mansub hokimlar va lashkarboshilar (ayyubiylar, mamluklar davlatlari va boshqalarda) atalgan. Oʻrta asrlarda Movarounnahr xonliklarida Amir ul-umaro, Amiri shikor mansablari mavjud boʻlgan. Oltin Oʻrda, soʻngra Movarounnahr va Eronda moʻgʻullar istilosidan soʻng amir deb uluslar boshliqlari atalgan (bek yoki noʻyon maʼnosida). Bu unvonni Amir Temur ham olgan temuriylar sulolasiga man-sub shahzodalar Amirzoda (amir oʻgʻli) deb atalib, mirzo uning qisqartirilgan shaklidir. 18-asr oxiridan eʼtiboran Buxoro xonligi hukmdorlari oʻzlarini amir deb atay boshlaganlar. Safaviylar Eronida amir viloyat hokimlari (odatda qabila boshliqlari, xonlar va sultonlar), Afgʻonistonda amir unvonini barakzoylar sulolasi hukmdorlari Doʻstmuhammadxondan boshlab olganlar. 20-asrda monarxik arab davlatlarida (masalan, Saudiya Arabistonida) amir hukmron sulolaning valiahd shahzodalari.