Avtomobil (lotincha: mobilis – harakatchan) – dvigatel yordamida harakatga keltiriladigan relssiz transport vositasi. Yoʻlovchilar va yuk tashishga moʻljallangan.1751-1752-yillarda Nijniy Novgorod gubernyasi (Rossiya) dehqoni Leontiy Shamshurenkov ikki kishi oyogʻi bilan yurgiziladigan „oʻziyurar aravacha“ qurdi. I. P. Kulibin bir qancha muhim mexanizmlarni, uzatmalar qutisini taklif qildi. Bugʻ mashinasi paydo boʻlgandan keyin ixtirochilar undan mexanik aravada foydalanishga harakat qildilar. 1769-1770 yillarda fransuz harbiy muhandisi N. J. Kyuno artilleriya toʻplari uchun 3 gʻildiraklibugʻ aravasi qurdi. Angliyada 1802-yilda Trevitnik bugʻ mashinasi oʻrnatilgan A. qurdi. 1830-yilda rus ustasi K. Yankevich bugʻ avtomobillariga temirdan yasalgan 100 dan ortiq gaz quvurli bugʻ qozoni oʻrnatishni taklif etdi. Akkumulyatordan tok olib ishlay-digan elektr dvigatelli avtomobillar bilan ham koʻpgina tajribalar oʻtkazildi. Ichki yonuv dvigateli ixtiro qilingandan keyin avtomobillar muntazam rivojlantirila boshlandi. Avtomobillarga benzin va kerosin bilan ishlaydigan dvigatellar oʻrnatish borasida turli mamlakatlarning koʻpgina ixtirochilari ish olib bordilar. 1885-1886-yillarda Germaniyada Daymler benzin bilan ishlaydigan dvigatelni mototsiklga, Bens esa uch gʻildirakli avtomobillarga oʻrnatdi. Temir gʻildiraklar oʻrniga yaxlit rezina shinalar, 1890-yildan esa pnevmatik rezina shinalar ishlatila boshladi. Avtomobilsozlik dastlab Fransiyada, soʻngra AQSH, Germaniya va Yaponiyada rivojlandi. Oʻzbekiston mustaqillikka erishganidan soʻng avtomobil sanoati rivojlangan mamlakatlar qatoriga qoʻshildi. Asaka shahri (Andijon viloyati)da Janubiy Koreyaning DAEWOO korporatsiyasi bilan hamkorlikda barpo etilgan „OʻzDAEWOO Avto“ qoʻshma korxonasida 1996-yildan boshlab „Neksiya“, „Damas“ va „Tiko“ yengil avtomobillari ishlab chiqara boshlandi. 1999-yilda Samarqandda ishga tushgan „SamKochAvto“ oʻzbek-turk qoʻshma korxonasi M23.9, M24.9, M29 rusumli avtobuslar va 35.9, 65.9, 80.12, 85.12, 85.14 rusumli har xil yuk avtomobillari ishlab chiqaradi (qarang Avtomobil sanoati). Avtomobil turlarining transport, maxsus va poygaga muljallangan xillari bor. Transport avtomobillari yengil avtomobillar, avtobus va yuk avtomobillarga boʻlinadi. Maxsus avtomobillar maʼlum ishlar uchun moʻljallanadi va tegishli uskunalar bilan jihozlanadi. Oʻt oʻchirish, un tashish, sement tashish, sanitariya avtomobillari, axlat tashiydigan avtomobillar, avtokranlar, avtoyuklagichlar va boshqa maxsus avtomobillar shular jumlasidan. Poyga avtomobillari sportda ishla-tiladi. Yengil avtomobillar 2 dan 8 tagacha oʻrinli boʻladi. Ular berk kuzovli (sedan va limuzin), ochiq kuzovli (faeton) va ochiladigan kuzovli (kabriolet) boʻlishi mumkin. Yuk avtomobillari 0,25 tonnadan 100 tonnagacha va undan ortiq yuklarni tashiydigan kuzovli, tirkamalar, yarim tirkamalarni tortish uchun muljallangan kuzovsiz boʻladi. Oʻtuvchanligi boʻyicha tekis va qiyin yoʻllarda yuradigan, harakatlanuvchi qismning tuzilishi boʻyicha gʻildirakli, gʻildirak-gusenitsali, yarim gusenitsali, pnevmatik galtakli va boshqa xillarga boʻlinadi.