Ayvon – Oʻrta Osiyoda iqlimiy sharoit (asosan yoz fasli)ga moʻljallab qurilgan usti yopiq, 1, 2 yoki 3 tomoni ochiq bino. Ayvonning shimolga qaratib solinadigan (ters ayvon) va janubga qaratib solinadigan (oʻng ayvon, kungay ayvon) xillari boʻladi. Tuzilishi jihatidan Ayvonning dahliz-ayvon, ustunli ayvon, ravokli ayvon. kabi turlari bor. Ravoqli ayvonning eng murakkabi peshtoq shaklida quriladi. Ayvon sahni koʻpincha sufa (supa) deb ataladi. Ayvon, odatda, chiroyli qilib bezatiladi. Shifti va devorlari boʻyaladi, yogʻoch ustunlariga oʻyma naqshlar solinadi. Ayvon oʻzbek milliy me’morligida qadimgidan turar joy va jamoat binolarining muhim qismi boʻlib kelgan. Ayvon hovli, masjid, madrasa, doʻkon va saroylarda yozgi bino sifatida qurilgan. Ayvon joyning iqlimiy sharoitiga qarab turli shaklda quriladi. Masalan, Fargʻona vodiysida ayvon imorat oldiga qurilib, peshayvon deb yuritiladi. Buxoro ayvonlari baland va kambar (past) boʻladi. Toshkent va Samarqand ayvonlari koʻpincha xonalar oldi va oraligʻiga quriladi. Xorazm (koʻproq Xiva) ayvonlari atrofdagi xonalardan balandroq va shimoliy tomonga qaratib quriladi. Bunday ayvonlarni xorazmliklar ullu ayvon (katta yoki shoh ayvon) deyishadi. Xiva hovlilarida kambar (ters) ayvonlar ham boʻlib, ular koʻpincha xoʻjalik binolari oldiga quriladi. Ba’zi shevalarda (Qashqadaryo va Surxondaryo viloyatlarida) bostirma shaklidagi binolarni ham ayvon deb ataydilar. Xalq tilida (oʻzbekchada) binoning balkon, veranda kabi qismlari ham ayvon deb yuritiladi.