Barionlar (yun. barus – ogʻir) – massasi proton massasidan kichik boʻlmagan, barion zaryadi birga teng boʻlgan, yarim butun spinli „ogʻir“ elementar zarralar. B. Fermi – Dirak statistikasiga boʻysunadi. Bu guruhga nuklonlar (neytron va proton) va giperonlar kiradi. Faqat proton erkin holda turgʻun boʻladi. Boshqa barcha B. barqaror emas, ular ketma-ket parchalanish yoʻli bilan proton va yengil zarralarga aylanadi. B. maʼlum boʻlgan barcha (kuchli, elektromagnit, kuchsiz va gravitatsion) oʻzaro taʼsirlarda ishtirok etadi. B. bilan boʻladigan har qanday jarayonlarda barion zaryadining saqlanish qonunlari, yaʼni barionlar va antibarionlar sonlari farqi oʻzgarishsiz qoladi. Barcha barionlar uchun barion zaryadi (soni) 1 ga, antibarionlar uchun – 1 ga teng . B. maftunlik, gʻalatilik, goʻzallik va boshqa kvant sonlar bilan tavsiflanadi.