Bit

Bit
Biologik klassifikatsiya
Olam: Hayvonlar
Binar nomi
Anoplura

Bit, bitlar (Anoplura, Siphunculata) — qon soʻruvchi hasharotlar turkumi. TashQI koʻrinishi parxoʻrlarga oʻxshab ketadi. Tanasi yassi, uz. 1–6 mm, qanotsiz. Baʼzi B.ning bir juft oddiy koʻzi bor, koʻpchiligida koʻz rivojlanmagan. Moʻylovlari kalta, maxsus egatchaga kirib turadi. Ogʻiz apparata sanchib soʻruvchi. Ogʻiz teshigi agʻdarilib tashqariga chiqadigan nay bilan oʻralgan. Nay devorida qator joylashgan ilmoqlar yordamida B. qon soʻrayotganida teriga yopishib oladi. 3 juft oyoqlari tanasining 2 yoniga keng yoyilib turadi. Barmoqlarining uchida ilmoqka oʻxshash qayrilgan tirnoqlari yordamida kiyim yoki soch tolalariga yopishib oladi. Urgʻochi B.lar oʻz hayoti davomida bir necha oʻntadan 300 tagacha sirka (tuxum) qoʻyadi. Sirkasini maxsus yopishqoq sekreta yordamida kiyim yoki soch tolalariga yopishtiradi. Sirkadan bir haftada yosh bitcha (magʻzak)lar chiqadi. B. chala oʻzgarish bilan rivojlanadi, 18—20 kun yoki undan koʻproq vaqt davomida voyaga yetadi. 300 ga yaqin turi maʼlum. B. sut emizuvchi hayvonlarda parazitlik qiladi. Har bir hayvonning oʻz biti boʻladi. Odamda bosh B.i (Pediculus humanis capites), kiyim B.i (P. humanis westimenti) va qov B.i (Phthiras pubis, badanning siyrak yungli aʼzolari: qosh, kiprik, qoʻltiq osti, jinsiy aʼzolar atrofida) boʻladi. B.lar toshmali va qaytalama terlama kasalliklarini tarqatadi. Odamlar gʻuj boʻlib yashaydigan joylarda (bogʻcha, maktablar, koʻp bolali oilalar, harbiy xizmat joylari) B.larning tarqalishi uchun qulay sharoit tugʻiladi. Bitlashning oldini olish uchun shaxsiy gigiyena qoidalariga rioya qilish lozim.