Botulizm | |
---|---|
Clostridium botulinum mikropreparatining fotografiyasi, gensianviolet bilan ranglangan. | |
Klassifikatsiyasi va tashqi linklar | |
Ixtisos | Yuqumli kasalliklar, Gastroenterologiya |
KXK-10 | A05.1 |
KXK-9 | 005.1 |
Patient UK | Botulizm |
Botulizm (lotincha: botulus — „kolbasa“) — odam va hayvonlar (ayrim sut emizuvchilar)da uchraydigan oʻtkir yuqumli kasallik; ovqatdan boʻladigan toksikoinfeksiyalar guruhiga kiradi. Botulizm (Clostridium botulinum) bakteriyalari bilan ifloslangan ovqatlar isteʼmol qilinganda yuzaga keladi. Botulizm qoʻzgʻatuvchilari tabiatda keng tarqalgan boʻlib, chidamli (sporali) va chidamsiz (vegetativ) xillari uchraydi. Sporalari tashqi muhitda yillab saqlanishi mumkin; sporalar tuproqdan suv, meva, sabzavot, oziq-ovqat, yemxashakka oʻtadi, keyin odam va hayvonlar ichagiga tushib, soʻngra najas bilan yer yuziga tarqaladi. Botulizm mikrobi faqat anaerob (havosiz) sharoitda rivojlanadi. Shu sababdan konserva qilingan, tuzlangan, dudlangan mahsulotlar va kolbasaga tushib qolgan sporalar anaerob sharoitda oʻsib, vegetativ shakl (bakteriyalar)ga aylanadi. Ular ana shu sharoitda kuchli zahar (ekzotoksin) hosil qiladi. Bu mahsulotni isteʼmol qilgan odam kasal boʻladi. Botulizm toksini ichakda tez soʻriladi, qonga oʻtadi va butun organizmga tarqalib, asosan nerv sistemasini zararlaydi. Kasallik toʻsatdan boshlanadi. Bemorning boshi ogʻriydi, tinkasi quriydi, koʻzi tinadi, lohaslanadi, koʻngli aynib qusadi, uyqusi qochadi, qorni ogʻriydi, ogʻzi quriydi, tashna boʻladi; koʻpincha qabziyat kuzatiladi. Keyinchalik boshi aylanadi, koʻz xiralashadi, qovoqlar salqiydi, bemor ravon gapira olmaydi yutish, nafas olish faoliyati buziladi; yurak va nafas markazlari falajlanishi tufayli oʻlim sodir boʻlishi mumkin. Bemor faqat kasalxonada davolanadi. Zamonaviy davo usullari: botulizmga qarshi zardob, sunʼiy nafas oldirish apparatlarini oʻz vaqtida qoʻllash yaxshi naf beradi. Kasallikning oldini olish uchun konserva tayyorlash qonun qoidalariga qatʼiy amal qilish, uy sharoitida konserva va oziq-ovqat tayyorlashda sanitariya talablarini oʻrniga qoʻyish talab etiladi. Davosi: botulizmga qarshi maxsus zardob yuboriladi; zond orqali meʼdani yuviladi, huqna qilinadi, yurak dorilari beriladi, nafas olish izdan chiqqanda sunʼiy nafas oldiriladi va boshqa Hayvonlarda botulizm ozuqa (buzilgan silos, kepak va boshqalar)dan zaharlanishdir. Aksariyat ot, qoramol, parranda va norkalar kasallanadi. Kasallikning yashirin davri bir necha soatdan 10—12 kungacha. Kasal hayvonning markaziy nerv sistemasi zararlanadi, hiqildoq, til va pastki jagʻlar falajlanadi, burnidan shilimshiq oqadi, suv yuta olmaydi. Kasallangan hayvonlarning 70—95 % halok boʻladi. Kasal hayvon goʻshtini isteʼmol qilish man etiladi (goʻshti va terisi kuydirib tashlanadi).
Davosi: kasal hayvonning meʼdasi yuviladi, surgi dorilar (arekalin, pilokarpin, ezerin) beriladi, iliq huqna qilinadi. Botulizmga qarshi maxsus zardob yuboriladi. Kasallikning oldini olish uchun mollarga sifatsiz yemxashak bermaslik, kasallik chiqqan hollarda sogʻlom mollarni ham botulizmga qarshi zardob bilan emlash lozim[1].