Bulbul (taxallusi; asl nomi Murtaza Meshadi Rizo oʻgʻli Mamedov) (1897.12.6, Shusha tumani Xonbogʻi qishlogʻi — 1961.26.9, Boku) — ozarbayjon xonandasi (lirikdramatik tenor) va musiqashunosfolklorshunos, ozarbayjon musiqali teatri asoschilaridan. Dastlab xalq xonandasi sifatida tanilgan. 1920-yildan Ozarbayjon musiqali teatrlarining yetakchi artisti. Boku konservatoriyasida (1927), Italiya (Milan, "La skala", 1931)da ta’lim olgan. 1932-yildan Boku konservatoriyasining oʻqituvchisi, 1940-yildan professor Ozarbayjon ilmiy tadqiqot musiqa kabineti tashkilotchisi va rahbari (1932—44). Folklor ekspeditsiyani boshqarib, 200 dan ortiq xalq qoʻshigʻini yiqqan. B. 40 yillik ijrochilik faoliyati mobaynida asl ozarbayjoncha milliy kuylash uslublarini Yevropa xonandalik san’ati bilan uzviy bogʻlashga muyassar boʻlgan. Majnun (U. Hojibekov, "Layli va Majnun"), Gersog (J. Verdi, "Rigoletto"), Gʻarib (R. Glier, "Shohsanam"), Aliyor (M. Magʻomayev, "Nargiz") kabi yorqin obrazlar yaratgan. Eng mashhur roli Ravshan (U. Hojibekov, "Koʻr oʻgʻli")ni 400-marta ijro etgan. Oʻzbekistonga bir necha marta kelib, oʻz san’atini namoyish qilgan.