Butparastlik — but, sanamlarga sigʻinish odati. Fetishizm, majusiylik kabi ibtidoiy dinlarga xos. Butparastlar butni, sanamni xudolar qiyofasi, timsoli deb bilganlar. Majusiylikdagi butparastlik odati hinduizm, buddizm kabi dinlarda ham saqlanib qolgan. Hinduizm va buddizmda haykalchalarga choʻqinishadi. Islom dini shakllanishidan oldin Saudiya Arabistonidagi qabilalarda butparastlik odati boʻlgan, ya’ni har bir qabila oʻz xudosiga, uni ifodalovchi butga topingan. Bunday butlar Makkadagi diniy ibodatxona — Ka’bada 300 dan ortiq edi. Islom dini shakllanib, yakka xudoga sigʻinish paydo boʻlgandan soʻng butlar Ka’badan chiqarib tashlandi. Koʻp xudolikka e’tiqod qiladigan qabilalarda, xususan, Afrikadagi ayrim qabilalarda butparastlik hali ham bor.