Chirchiq (daryo) | |
---|---|
Chirchiq daryosi Chorvoq yaqinda | |
Tavsif | |
Uzunligi | 154 |
Suv sarfi | 221 m³/s |
Davlat | Oʻzbekiston |
Chirchiq (daryo) |
Chirchiq (qad. nomi Parak, "Boburnoma"da Chir, keyingi kichraytirilgan nomi Ch.) — Toshkent viloyatidagi daryo. Sirdaryoning yirik oʻng irmogʻi. Daryo havzasi janubiy va sharqda Qurama tizmasi va Chatqol togʻ tizmalari, shimolida Talas Olatovi va uning gʻarbiy tarmoklari bilan chegaralangan. Gʻarbiy Tyanshan togʻlaridagi qor va muzliklardan Chatqol, Koʻksuv va Piskom daryolari boshlanadi. 1971-yil gacha Ch. Chorvoq soyligida Chatqol va Piskom daryolari qoʻshilishidan hosil boʻlar edi. Endilikda daryo Chorvoq suv omboridan boshlanadi va Chinoz qishlogʻi yonida Sirdaryoga quyiladi. Uzunligi 154 km, havzasining maydoni 14240 km². Ch. tez oqadigan tipik togʻ daryosi, togʻli qismida chuqur, tor va nishab oʻzanda tez oqadi. Ugom daryosi qoʻshilgandan soʻng Ch. vodiysi kengayadi. Ch. ga bir necha irmoqlar kelib quyiladi. Eng yiriklari Ugom daryosi va Oqsoqotasoy. Qolgan mayda irmoqlari (Qizilsuv, Shoʻrobsoy, Ozodboshsoy, Oqtoshsoy, Tovoqsoy, Qorangkoʻlsoy, Oltinbeksoy va boshqalar)ning baʼzilari yoz va kuz oylarida qurib qoladi. Vodiyning tekislik qismida daryoga birorta ham irmoq qoʻshilmaydi. Ch. qor va muzlik suvlaridan toʻyinadi. Suv sarfi Xoʻjakent qishlogʻi yaqinida 221 m³/sek., Chinoz qishlogʻi yonida 62 m³/sek. Eng koʻp suv sarfi 2160 m³/sek. (1959-yil 8-aprel) va 1452 m³/sek. ga (1914-yil 14-may) yetgan. Bunday katta suv sarfi Ch. daryosi uchun xos emas. Eng kam suv sarfi 22m³/sek. boʻlgan (1956-yil fevral). Ch. Sirdaryoga yiliga 164 m³/sek. suv quyadi. Suv oqimining 52,4% mart—iyun oylarida, 32,1% iyul—sentabr va qolgan 15,5% oktabr— fevral oylarida oqadi. Yanvar—fevral oylarida suvi kamayib, 52 m³/sek. dan oshmaydi. Ch.da loyqa oqiziqlar kam. Togʻlardan chiqib tekislik boʻylab oqqanda suvi koʻplab irrigatsion tarmoqlar orqali sugʻorishga olinadi. Zaxariq, Boʻzsuv, Qorasuv, Shimoliy Toshkent kabi kanallar Ch. daryosidan suv oladi. Daryodan gidroenergetikada ham keng foydalaniladi. Qodiriya, Tovoqsoy, Oqqovoq, Oqtepa, Salor va uchta Quyi Boʻzsuv, Chorvoq (quvvati 600 ming kVtsoat, Gʻazalkent) GESlar kaskadi shular jumlasidandir. Ch. suvi, asosan, Toshkent viloyati hududidagi ekin maydonlarini sugʻorishga sarflanadi (Ch. — Boʻzsuv sistemasi Oʻzbekiston hududida 100 ming gektardan ziyod yerni sugʻoradi), shuningdek, Toshkent, Chirchiq, Yangiyoʻl, Gʻazalkent shaharlarini va koʻp qishloqlarni suv bilan taʼminlaydi. Ch. oʻrta oqimida uning oʻng sohilidagi terrasalarda Toshkent shahri joylashgan.[1]