Darrandachilik - teri (moʻyna) olish maqsadlarida qimmatbaho moʻynali hayvonlarni boqish; chorvachilik tarmogʻi. Darrandachilikda noyob moʻyna beradigan kumushrang-qora tulki, shimol (qutb) tulkisi, qorakuzan (norka), suvsar (sobol), nutriya (suv kalamushi), ondatra, qunduz va b. hayvonlar kataklarda boqib, yetishtiriladi. Koʻpgina mamlakatlarda sanoat asosida ishlaydigan maxsus Darrandachilik fermalari va xoʻjaliklari tashkil qilingan. Ular tovar (moʻyna) yetishtirish va naslchilik ishlari bilan shugʻullanadigan xoʻjaliklarga boʻlinadi (mas, Rossiyada tabiiy mutatsiyalar asosida rangli qorakuzanning 40 ga yaqin tipi, naslchilik ishlari natijasida qimmatbaho yirik qora suvsarlar zoti yaratilgan). Oʻzbekistonda 20-asr ning 70-y.laridan boshlab Darrandachilik sohasida Quyi Amudaryoda va Surxondaryo vi-loyatida havaskorlar tomonidan va matlubot jamiyatlari huzuridagi kichik fermalarda ondatra, qunduz, nutriya, tulki, qorakuzan boqiladi.
Darrandachilik tarmoq sifatda Rossiya, AQSH, Kanada, Daniya, Shvetsiya, Norvegiya, Finlandiya, Boltiqboʻyi mamlakatlari va b.da rivoj topgan.
Adiba Ahmadjonova.