Ekvatorial mintaqa — Ekvatorning har ikki yonida 5—8° shahrik.dan 4—11° j.k.lar oraligʻida joylashgan geografik mintaqa; shimoliy va janubiy tomonlardan subekvatorial mintaqalar bilan chegaradosh. Baʼzi tadqiqotchilar Ekvatorial mintaqani tropik mintaqaga kiritadilar. Iklimi quyosh energiyasining koʻp tushishiga bogʻliq ravishda shakllangan. Ekvatorial mintaqada yil boʻyi havo issiq (24—28°), yogʻin koʻp (1500-3000 mm, shamolga roʻpara yon bagʻirlarda 10000 mm gacha). Yogʻin miqdori bugʻlanishdan koʻp boʻlganligi sababli namlik juda yuqori. Daryolari sersuv, suv sarfi deyarli oʻzgarmas. Materiklarning bu mintaqadagi qismlarida fasllar bir-biridan farq qilmaydi, biokimyoviy va tabiiy jarayonlar jadal roʻy beradi. Nurash, kimyoviy nurash jarayoni kuchli, nordon qizgʻishsariq ferralit (laterit) tuproqlar tarqalgan. Tuproqlari tarkibida gumus kam, temir va alyuminiy gidroksidlariga boy. Tuproqlardagi mikroorganizmlar va mayda jonivorlar juda faol. Biroq temperatura va yogʻingarchilikning yuqoriligi sababli chirindili qatlam yuvilib ketishi natijasida tuproq unumdorligini tez yoʻqotadi. Oʻsimlik va hayvonot dunyosi benihoya xilmaxil va qadimiy turlarga boy. Tabiiy holda hammayoq doim yashil oʻrmonlar bilan, dengiz va okean sohillari mangr chakalakzorlari bilan qoplangan. Xoʻjalikda katta foyda keltiruvchi oʻsymliklar — kauchuksimonlar, kakao va non daraxtlari, turli xil palmalar, qimmatbaho qizil yogʻochli daraxtlar va boshqalarga boy. Hayvonlari oʻrmon sharoitiga moslashgan, asosan, daraxtlarda hayot kechirady (maymun, yalqov, mushuksimonlar va hokazo). Yerda tapir, karkidon, begemotlar yashaydi. Qush, sudraluvchi va hasharotlar turi koʻp. Gileya zonalarida 2 ta kichik zona: doimiy sernam ekvator oʻrmonlari va qisqa quruq mavsumli ekvator oʻrmonlari zonasi mavjud. Qisqa quruq mavsumli oʻrmonlar zonasi mintaqaning kontinental passatlar taʼsir koʻrsatuvchi sharqiy va chekka qismlarida tarqalgan. Baʼzi hududlarda oʻrmonlar kesilib, ekin maydonlari va plantatsiyalarga aylantirilgan. Sernam ekvatorial oʻrmonlarda aholi, asosan, oʻrmonchilik, baliq ovlash, ovchilik va qisman dehqonchilik bilan shugʻullanadi.
Ekvatorial mintaqa togʻlarida ham temperatura va yogʻinning yil davomida deyarli bir maromda taqsimlanishi xos. Balandlik ortgan sari traning pasayishi, yogʻin miqdori va havoning siyraklashuvi natijasida 3 ta togʻ gileya mintaqasi ajratiladi. Ulardan yuqorida balandtogʻ ekvator yaylovlari va nival mintaqa joylashgan.
Ekvatorial mintaqadagi okeanlarda quyosh radiatsiyasi quruqlikdagidan yuqori. Bulutli kunlar, yogʻin juda koʻp boʻladi, kuchsiz shamollar esadi. Okean yuza qatlamidagi suvlarning shoʻrligi Dunyo okeani oʻrtacha shoʻrligidan kam, plankton koʻp.
Ushbu maqolada Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |
Bu andozani aniqrogʻiga almashtirish kerak. |