Epidemiya

Epidemiya (epi... va yun. yeto — xalq) — infeksion kasalliklarning maʼlum hududda odatdagidan koʻp tarqalishi. Endemiya epidemiyasi va pandemiya epidemiyasi farqlanadi. Infeksiya manbai (kasallik qoʻzgʻatuvchisi bilan zararlangan odam yoki hayvon), qoʻzgʻatuvchining yuqish sabablari, shuningdek, organizmning mazkur kasallikka beriluvchanligi uzoq vaqt saqlanganda epidemiya vujudga keladi va davom etadi. Bunda tez kasallik oʻchogʻini topib, atrofidagi aholining xavfsizligini taʼminlash, kasallik qoʻzgʻatuvchi mikroorganizmlarning bemorlardan sogʻlom odamlarga oʻtish yoʻllarini bartaraf etish (masalan, oʻlat epidemiyasida kemiruvchilarni yoʻqotish, bemorlarni ajratib qoʻyish) va kasallikka beriluvchan kishilarni emlash choralari koʻriladi. Bunda, albatta, dezinfeksiya, desinseksiya, bemorlarni alohidalash kabi tadbirlar ahamiyatlidir.