Jami fanlar majmuasi |
Fan |
---|
Fizika (grekcha: φυσικός — „tabiiy“, φύσις (physis) — „tabiat“) tabiiy borliq haqidagi fan boʻlib, tabiatning eng keng tarqalgan qonunlari, modda, uning tuzilishi, harakati va o'zgarish qoidalarini oʻrganadi. Fizika bu tabiiy fandir, lekin undagi qonuniyatlar va hisob-kitoblar aniqlikka asoslangan. U quyidagi asosiy qismlardan iborat:
Fizika fani eksperimental va nazariy fizikaga boʻlinadi. Eksperimental fizika tajribalar asosida yangi maʼlumotlar oladi va qabul qilingan qonunlarni tekshiradi. Nazariy fizika tabiat qonunlarini taʼriflaydi, oʻrganiladigan hodisalarni tushuntiradi va yuz berishi mumkin boʻlgan hodisalarni oldindan aytib beradi.
Oʻrganilayotgan obʼyektlar va materiallarning harakat shakllariga qarab, fizika fani bir-biri bilan oʻzaro chambarchas bogʻlangan elementar zarralar fizikasi, yadro fizikasi, atom va molekulalar fizikasi, gaz va suyuqliklar fizikasi, qattiq jismlar fizikasi, plazma fizikasi boʻlimlaridan tashkil topgan. Oʻrganilayotgan jarayonlarga va materiyaning harakat shakllariga qarab, fizika moddiy nuqta va qattiq jism mexanikasi, termodinamika va statistik fizika, elektrodinamika, kvant mexanika, maydon kvant nazariyasini oʻz ichiga oladi.
Fizikaning tarixiy rivojlanishi. Fizika tarixini 3 davrga boʻlib oʻrganish mumkin:
1) qadimgi zamondan XVII asrgacha boʻlgan davr;
2) XVII asrdan XIX asr oxirigacha boʻlgan davr. Bu davrdagi fizika fani, odatda, klassik fizika nomi bilan yuritiladi;
3) XIX asr oxiridan hozirgi paytgacha boʻlgan davr. Hozirgi zamon fizikasi (yoki eng yangi fizika) shu davrga mansub.
Turli hodisalarni va ularning sababini oʻrganish qad. zamon olimlarining bizgacha yetib kelgan asarlarida aks etgan. Miloddan avvalgi VI asrdan to milodiy II asrgacha boʻlgan davrda moddalarning atomlardan tashkil topganligi haqidagi tushunchalar va gʻoyalar yaratildi (Demokrit, Epikur, Lukretsiy), dunyoning geosentrik tizimi ishlab chiqildi (Ptolemey), elektr va magnit hodisalari kuzatildi (Fales), statika (Pifagor) va gidrostatikaning rivojlanishiga asos solindi (Arximed), yorugʻlik nurining toʻgʻri chizikli tarqalishi va qaytish qonunlari ochildi, miloddan avvalgi IV-asrda Aristotel oʻtmish avlodlar va zamondoshlarining ishlariga yakun yasadi. Aristotelning ijodi yutuqlar bilan birga kamchiliklardan ham holi emas. U tajribalarning mohiyatini tan oldi, ammo uni bilimlarning ishonchli belgisi ekanini inkor etib, asosiy eʼtiborni farosat bilan anglashda, deb bildi. Aristotel ijodining bu tomonlari cherkov namoyandalariga qoʻl kelib, uzoq, davrlar fan taraqqiyotiga toʻsqinlik koʻrsatdilar. IX-XVI asrlarda ilmiy izlanishlar markazi Yaqin va Oʻrta Sharq mamlakatlariga siljidi. Bu davrga kelib, fan rivojiga, jumladan, fizikaning rivojiga Oʻrta Osiyo olimlari ulkan hissa qoʻshdilar. Fizika, matematika, astronomiya va tabiatshunoslikka oid masalalar Xorazmiy, Ahmad al-Fargʻoniy, Forobiy, Beruniy, Termiziy, Ibn Sino, Ulugʻbek, Ali Qushchi va boshqa Oʻrta Osiyolik olimlarning ishlarida oʻz aksini topgan. Bu olimlarning fizikaga oid ilmiy ishlari, mexanika, geometriya, osmon mexanikasi, optika va turli tabiat hodisalarini oʻrganish bilan bogʻliqdir. Xorazmiy oʻrta asrlarda, nazariy va amaliy tabiatshunoslik hali boʻlmagan davrda, dunyoviy fanlar, ilgʻor ijtimoiy-falsafiy fikrlar ijodkori boʻlib chiqdi. U Sharqning dastlabki akademiyasi „Bayt ul Hikma“ („Donolar uyi“)ning shakllanishida faol ishtirok etgan. Bu yerda uning rahbarligida arablar va boshqa xalqlar vakillari bilan bir qatorda Ahmad al-Fargʻoniy, Axmad Abdulabbos Marvaziy kabi Oʻrta Osiyolik olimlar tadqiqotlar olib borganlar. „Algoritm“ soʻzi „Xorazmiy“ soʻzining lotincha transkripsiyasi boʻlib, bu soʻzni algebra masalalarini yechishda birinchi marta qoʻllagan edi. Ahmad al-Fargʻoniyning „Osmon jismlari harakati“ kitobi IX asrda bitilgan boʻlib, XII asrda lotin tiliga, XIII asrda Yevropaning boshqa tillariga tarjima qilinib keng tarqalgan edi. Ahmad al-Fargʻoniy asarlari Yevropada Uygʻonish davri ilmiy tadqiqotchilarining asosini tashkil etgan asarlardan boʻldi. U yorugʻlikning sinishi va qaytishini aniqlagan. Fargʻoniy stereografik proyeksiya nazariyasining asoschisi sifatida fazo jismlari harakatining tekisliklardagi proyeksiyalari nisbatlari asosida baʼzi bir kattaliklarni oʻlchash mumkinligini isbotladi. Bu fikr bugun ham astrofizika fanida oʻz qiymatini yoʻqotmagan.
Beruniy Yerning oʻz oʻqi atrofida aylanishini oʻzi yasagan asboblar yordamida isbotladi va Yer radiusi 6490 km ga yaqin ekanligini aniqladi. U dunyoning moddiyligi, harakatning turlari, atomning boʻlinishi, atomdan keyingi zarralarning oʻzaro taʼsir kuchlari, solishtirma ogʻirlikni aniqlash usullari, jism inersiyasi, boʻshliq, atmosfera bosimi, suyuqliklar gidrostatikasi, qor, yomgʻir va doʻlning paydo boʻlish sabablari, energiya aylanishi, jismlarning elektrlanishi, dengiz hamda ummon suvlarining koʻtarilishi va pasayish sabablari, yorugʻlikning korpuskulyar hamda toʻlqin xossasi, tovush va yorugʻlik tezligi, yorugʻlikning qaytishi hamda sinishining sabablari, dispersiya hodisasi, Yer va boshqa sayyoralarning Quyosh atrofidagi harakatlari ellips shakliga yaqinligi, fazoviy jismlarning vaznsizligi toʻgʻrisida fikrlar yuritdi. Abu Nasr al-Forobiyning tovush tezligi, tovushning toʻlqin tabiati, tovush chastotasi, tovush toʻlqinining uzunligi haqidagi fikrlari va ularga asoslanib yaratilgan musiqa notasi hamda optikaga oid koʻpgina ishlari fizika fanining rivojlanishiga qoʻshilgan katta hissa boʻldi. Ibn Sino harakatning nisbiyligi, inersiya, kuch, massa va tezlanish orasidagi bogʻlanish, aylanma harakat, markazga intilma kuch, chizikli tezlik, boʻshliq va atmosfera bosimi, konveksiya, issiqlikning tabiati, issiqlik uzatilishining turlari, yashin va yashinning turlari, momaqaldiroq hodisasi, tovush va yorugʻlik tezligi, yorugʻlik dispersiyasi, linza, atom tuzil ishi va boshqa mavzularga tegishli mulohazalarining aksariyati hozirgi zamon tushunchalariga juda moye keladi.
Hakim Termiziy dunyoviy fanlarning ungacha boʻlgan yutuqlarini qomusiy olim sifatida oʻrgandi, jumladan, tabiat hodisalari va jarayonlarini tahlil etuvchi „Solnoma“, „Haftanoma“ kabi asarlari maʼlum. Mirzo Ulugʻbek XV asrda jahonda yagona rasadxona qurdi. Uning „Ziji Koʻragoniy“ asarida astronomiyaning nazariy asoslari yoritdi va 1018 ta yulduzning joylashish koordinatalarini juda katta aniqlikda berdi. Uning qiymatlari hozirgi qiymatlarga juda yaqin.
Fizik hodisalarni tushuntirishda Oʻrta Osiyolik olimlarning mulohazalari qadimgi anʼanalar taʼsirida rivojlangan boʻlsada, ular matematik usullarni keng joriy etib, tajribalardan foydalanib, fanga katta hissa qoʻshdilar.
Klassik fizikaning rivojlanishi. XVII asrga kelib G. Galiley mexanik harakatni tajriba yoʻli bilan oʻrganib, harakatni matematik formulalar asosida ifodalash zarurligini aniqladi va bu fizika fanining keskin rivojiga turtki boʻldi. U jismlarning oʻzaro taʼsiri natijasida tezlik oʻzgarib, tezlanish hosil boʻlishini, taʼsir boʻlmaganda harakat holatining oʻzgarmasligi, yaʼni tezlanishning nolga tengligini yoki tezlikning oʻzgarmasdan saqlanishini qayd etib, Aristotelning shu masalaga qarashli fikrini, yaʼni taʼsir natijasida tezlik hosil boʻlishini inkor etadi. Keyinchalik Galiley aniqlagan qonun inersiya qonuni yoki Nyutonning mexanikaga oid birinchi qonuni degan nom oldi. 1600-yilda U. Gilbert elektr va magnit hodisalarni oʻrganish bilan shuhrat qozondi hamda Yer tirik magnit ekanligini isbotladi. U kompas magnit milining burilishini Yerning katta magnitga oʻxshashi orqali tushuntirdi, magnetizm va elektrning oʻzaro bogʻlanishini tekshirdi. Galiley mexanikadagi nisbiylik prinsipini ochdi va erkin tushayotgan jism tezlanishi uning tezligi va massasiga bogʻliq emasligini isbotladi. E.Torrichelli yuqoridagi prinsipdan foydalanib, atmosfera bosimining mavjudligini aniqladi va birinchi barometrni yaratdi. R. Boyl va E. Mariott gazlarning elastikligini aniqladilar hamda gazlar uchun birinchi qonun - Boyl-Mariott qonunini yaratdilar. Gollandiyalik astronom va matematik V. Snellius (Snell) bilan R. Dekart yorugʻlik nurining sinish qonunini ochdilar.
XVII asr Fizikasining eng katta yutuqlaridan biri klassik mexanikaning yaratilishi boʻldi. I. Nyuton 1687-yilda Galiley va oʻz zamondoshlarining gʻoyalarini umumlashtirib, klassik mexanikaning asosiy qonunlarini taʼriflab berdi. Nyuton tomonidan jismlar holati tushunchasining kiritilishi barcha fizik royalar uchun muhim boʻldi, jismlar tizimining holatini mexanikada ularning koordinatalari va impulslari orqali toʻla aniqlash imkoniyati yaratildi. Agar jismning boshlangʻich vaqtdagi holati hamda harakat davomida unga taʼsir etuvchi kuchlarning tabiati maʼlum boʻlsa, Nyuton qonunlariga asoslangan holda shu jismning harakat tenglamasini tuzish mumkin. Bu harakat tenglamasidan foydalanib, ushbu jismning istalgan vaqtdagi fazodagi oʻrnini, tezlik, tezlanish va fizik kattaliklarni aniqlash mumkin boʻldi. Nyuton sayyoralar harakatlarini tushuntiruvchi Kepler qonunlari asosida butun olam tortishish qonunini ochdi va bu qonun orqali Oy, sayyoralar va kometalar harakatini isbotlab berdi. X. Poygens va G. Leybnis harakat miqdorining saqlanish qonunini taʼrifladilar.
XVII asrning 2-yarmida fizik optika asoslari yaratila boshlandi, teleskop va boshqa optik qurilmalar yaratildi. Fizik A. Grimaldi yorugʻlik difraksiyasini, I. Nyuton esa yorugʻlik dispersiyasiik tadqiq qildi. 1676-yilda daniyalik astronom O. Ryomer yorugʻlik tezligini oʻlchadi. Shu davrdan yorugʻlikning korpuskulyar va toʻlqin nazariyalari yuzaga keldi hamda rivoj topa boshladi. I. Nyuton yorugʻlikni korpuskula (zarra)lar harakati orqali tushuntirsa, X. Gyuygens uni faraz qilinuvchi muhit — efirda tarqaladigan toʻlqinlar yordamida tushuntirdi.
Shunday qilib, XVII asrda klassik mexanika mustahkam oʻrin egalladi, akustika, optika, elektr va magnetizm, issiqlik hodisalarini oʻrganish sohalarida katta izlanishlar boshlandi. XVIII asrga kelib tajriba va matematikadan keng foydalangan klassik mexanika va osmon mexanikasi yanada tez surʼatlar bilan rivojlandi. Yer va Osmon hodisalarini mexanika qonunlari orqali tushuntirish asosiy maqsad hamda bosh taʼlimot hisoblanar edi. Hatto, oʻrganilayotgan fizik hodisani mexanika qonunlari orqali tushuntirish mumkin boʻlmasa, tanlangan tushuntirish yoʻli toʻliq emas yoki notoʻgʻri deb yuritilar edi.
XVIII asrda zarralar va qattiq jismlar mexanikasi bilan birga gaz hamda suyuqliklar mexanikasi rivojlandi. D. Bernulli, L. Eyler, J. Lagranj va boshqalar ideal suyuqlik gidrodinamikasiga asos soldilar. Fransuz olimi Sh. Dyufe elektrning ikki turi mavjudligini aniqladi hamda ularning oʻzaro tortilish va itarilishini koʻrsatdi. Amerikalik olim B. Franklin elektr zaryadining saqlanish qonunini aniqladi. T. Kavendish va undan mustasno Sh. Kulon qoʻzgʻalmas elektr zaryadining oʻzaro taʼsir kuchini tajribada aniqladilar hamda matematik ifodasini topib, asosiy qonun - Kulon qonunini ochdilar.
Rus fiziklari G. Rixman, M.V. Lomonosov va amerikalik olim B. Franklin atmosferada hosil boʻladigan elektr, yashinning tabiatini tushuntirib berdilar. A. Galvani, A. Volta va keyinchalik rus fizigi hamda elektrotexnigi V. Petrovning kuzatishlari va tadqiqotlari elektrodinamikaning vujudga kelishi hamda tez surʼatlar bilan rivojlanishiga sabab boʻldi. Optika sohasida P. Buger va I. Lambert ishlari tufayli fotometriyaga asos solindi. Infraqizil (ingliz optigi V. Gershel va ingliz kimyogari U. Vollston) va ultrabinafsha (ingliz kimyogari I. Ritter) nurlar mavjudligi aniqlandi. Issiqlik hodisalari, issiqlik miqdori, issiqlik sigʻimi, issiqlik oʻtkazuvchanlik va hokazoni oʻrganishda ham qator izlanishlar olib borildi. M. Lomonosov, R. Boyl, R. Guk, Bernullilar issiqlikning molekulyar-kinetik nazariyasiga asos soldilar.
XIX asr boshida T. Yung va O. Frenellarning toʻlqin nazariyasi asosida yorugʻlik difraksiyasi va yorugʻlik interferensiyasi yaratildi. Yorugʻlikni koʻndalang toʻlqin sifatida elastik muhitda tarqaladi deb, Frenel singan va qaytgan yorugʻlik toʻlqinlarining intensivligini belgilovchi miqdoriy qonunni aniqladi. Fransuz fizigi E. Malyus yorugʻlikning qutblanishi hodisasini kashf etdi, yorugʻlik spektriga va difraksiyasiga tegishli izlanishlar olib bordi. Yorugʻlikning tabiati haqidagi korpuskulyar va toʻlqin nazariyalari orasidagi deyarli ikki asr davom etgan kurash toʻlqin nazariyasi foydasiga hal boʻldi.
Italiyalik olimlar A. Galvani va A.Voltalarning elektr tokini kashf etishlari hamda dunyoda birinchi marta 1800-yilda galvanik elementning yasalishi fizika fanining rivojlanishida katta ahamiyatga ega boʻldi. 1820-yilda daniyalik fizik X. Ersted tokli oʻtkazgichning kompas mili bilan oʻzaro taʼsirda boʻlishini elektr va magnit hodisalar orasida bogʻlanish borligi bilan tushuntirdi. Shu yillarda A. Amper zaryadlangan zarralarning tartibli harakati tufayli paydo boʻluvchi elektr toki bilan barcha magnit hodisalari bogʻliq ekanligi toʻgʻrisida xulosaga keldi va tajriba asosida tokli oʻtkazgichlar orasidagi vujudga keluvchi oʻzaro taʼsir kuchini ifodalovchi qonunni ixtiro qildi (Amper qonuni). 1831-yilda M. Faradey elektromagnit induksiya hodisasini ochdi va elektromagnit maydon tushunchasi haqidagi taʼlimotni yaratdi. Metallarning elektr oʻtkazuvchanligini oʻrganish Om qonunining (1826), moddalarning issiqlik xususiyatlarini oʻrganish — issiqlik sigʻimi qonunining yaratilishiga olib keldi.
Tabiatning barcha hodisalarini bir butun qilib bogʻlovchi energiyaning saqlanish va aylanish qonunining ochilishi tabiatshunoslikda, jumladan, fizikaning rivojlanishida katta ahamiyatga ega. XIX asr oʻrtalariga kelib tajriba orqali issiqlik miqdori bilan bajarilgan ish miqdorining oʻzaro qiyosiy tengligi isbotlandi va shu asosda issiqlik energiyaning maxsus turi ekanligi aniqlandi. Energiyaning saqlanish va aylanish qonuni issiqlik hodisalari nazariyasining asosiy qonuni boʻlib, u termodinamikaning birinchi bosh qonuni deb ataladi. Bu qonunni Yu.R. Mayer taʼriflagan, nemis fizigi G. Gelmgols aniqroq shaklga keltirgan (1874). Termodinamikaning rivojlanishida S. Karno, R. Klauzius, U. Tomson, E. Klapeyron va D.I. Mendeleyevlarning xizmatlari katta boʻldi. S. Karno issiqlikning mexanik harakatga aylanishini aniqladi, R. Klauzius, U. Tomson issiqlik nazariyasining asosiy qonuni - termodinamikaning ikkinchi bosh qonunini taʼrifladilar, R. Boyl, E. Mariott, J. Gey - Lyussak, B. Klapeyron ideal gazning holat tenglamasini aniqladilar. D.I. Mendeleyev uni barcha gazlar uchun umumlashtirdi va hokazo. Termodinamika bilan birga issiqlikning molekulyar-kinetik nazariyasi rivojlanib bordi. A. Eynshteyn, polyak fizigi M. Smoluxovskiy va fransuz fizigi J. Perrenlar Broun harakati atom hamda molekulalarning issiqlik harakati ekanligini isbotlab, molekulyar-kinetik nazariya asoslari boʻlgan Broun harakatining miqdoriy nazariyasini yaratdilar. Bu esa, oʻz navbatida, statistik mexanikaning toʻla tan olinishiga olib keldi. J.K. Maksvell kiritgan ehtimollik xarakteriga ega boʻlgan statistik tushunchalar asosida gazlardagi molekulalar tezligi, erkin yugurish uzunligi, vaqt birligi ichidagi toʻqnashuvlar soni va boshqa kattaliklarning oʻrtacha qiymatlarini topishga yoʻl ochildi, uning molekulalarning oʻrtacha kinetik energiyasiga bogʻliqligi koʻrsatildi. Materiyaning kinetik nazariyasi taraqqiy etishi L. Bolsman tomonidan statistik mexanika - Bolsman statistikasi yaratilishiga olib keldi. XIX asrning 2-yarmida J.K. Maksvell elektromagnit hodisalarning elektromagnit maydon tushunchasiga asoslangan yangi nazariyasini va uni ifodalovchi tegishli tenglamalar tizimini yaratdi. U tabiatda elektromagnit toʻlqinlarning mavjudligini, ularning aniq, xususiyatlari — bosimi, difraksiyasi, interferensiyasi, tarqalish tezligi, qutblanishi va hokazo borligini aniqladi. Maksvell nazariyasining eng muhim natijasi elektromagnit toʻlqinlarning tarqalish tezligi yorugʻlik tezligiga teng boʻlgan qiymatga ega ekanligi toʻgʻrisidagi xulosa hisoblandi. Maksvell nazariyasidan yorugʻlikning elektromagnit xususiyatiga ega ekanligi kelib chiqdi. G. Gersning elektromagnit toʻlqinlarni aniqlash boʻyicha olib borgan tajribalari buni tasdiqladi. 1899-yil P. Lebedev yorugʻlikning bosimini tajriba orqali aniqladi. 1895-yilda A.S. Popov Maksvell nazariyasidan foydalanib simsiz aloqani yaratdi. Yuqoridagi va boshqa tajribalar Maksvellning elektromagnit nazariyasi toʻgʻriligiga yakun yasadi.
Shunday qilib, XIX asr fizikasi 2 boʻlimdan — jismlar fizikasi va maydon fizikasidan iborat boʻldi. Jismlar fizikasi asosida molekulyar-kinetik nazariya qabul qilingan boʻlsa, maydon fizikasida elektromagnit maydon nazariyasi asosiy rol oʻynadi.
Klassik fizika modda, vaqt, fazo, massa, energiya va hokazo haqidagi maxsus tasavvurlar, tushunchalar, qonunlar, prinsiplardan tashkil topgan. U klassik mexanika, klassik statistika, klassik termodinamika, klassik elektrodinamika va boshqa boʻlimlarga boʻlinadi. Klassik mexanikada harakat qonunlari — Nyuton qonunlaridan iborat. Moddiy nuqta, mutlaq qattiq jism, tutash mux,itlar tushunchalari muhim rol oʻynaydi. Bularga moye tarzda moddiy nuqta mexanikasi, mutlaq qattiq jism mexanikasi, tutash muhit mexanikasi mavjud.
Koʻp amaliy hollarda qoniqarli natijalar beradigan klassik fizika katta tezliklar va mikroobʼyektlar bilan bogʻliq hodisalarni toʻgʻri tushuntirishga ojizlik qildi. Shunday hodisalar qatoriga qattiq jismlarning issiqlik sigʻimi, atom tizimlarining tuzilishi va ulardagi oʻzgarishlar xarakteri, elementar zarralarning oʻzaro taʼsiri hamda bir-biriga aylanishi, mikrotizimlardagi energetik holatlarning uzlukli oʻzgarishi, massaning tezlikka bogʻliqligi va boshqa masalalar kiradi. Fizikaning yangi taraqqiyoti yuqoridagiga oʻxshash hodisalarni ham toʻgʻri tushuntirib bera oladigan yangi, noklassik tasavvurlarga olib keldi. Bunday tasavvurlarga asoslangan yangi fizika maydon kvant nazariyasi va nisbiylik nazariyasiaan iborat.
Fizikaning klassik va noklassik fizikaga ajratilishi shartlidir. Galiley-Nyuton mexanikasi, Faradey-Maksvell elektrodinamikasi, Bolsman-Gibbs statistikasini, odatda, klassik fizikaga, maydon kvant nazariyasi va nisbiylik nazariyasini hozirgi zamon fizikasiga kiritishadi. Tarixiy jihatdan bu haqiqatan ham shunday. Ammo klassik fizika bilan hozirgi zamon fizikasini bir-biriga qarshi qoʻyish asossizdir. Yangi texnika, kosmosni egallash kabi sohalarda klassik fizikadan keng foydalanib muhim yutuqlarga erishilmoqda. Maksvell tomonidan elektromagnit hodisalarni oʻrganish jarayonlari uning "Klassik elektrodinamika"si yaratishi bilan yakunlandi. 1897-yilda J. Tomsonning elektron zarrasining ochishi bilan fizika rivojida yangi davr boshlandi.
Hozirgi zamon fizikasi. XIX asr oxirida aniqlangan qator yangiliklar (elektronning ochilishi, elektron massasining tezlik oʻzgarishi bilan oʻzgarishi, harakatlanuvchi tizimlarda elektromagnit hodisalarining roʻy berishidagi qonuniyatlar va boshqalar) Nyutonning fazo va vaqt mutlaqligi toʻgʻrisidagi tasavvurlarini tanqidiy tekshirib chiqish kerakligini koʻrsatdi. J.Puankare, X.A. Lorens kabi olimlar bu sohada tadqiqotlar olib borishdi. 1900-yilda M. Plank nur chiqarayotgan tizim — ossillyatorning nurlanish energiyasi uzluksiz qiymatlarga ega degan klassik fikrni rad etib, bu energiya faqat uzlukli qiymatlar (kvantlar)dangina iborat degan butunlay yangi farazni ilgari surdi. Shunga asoslanib nazariya bilan tajriba natijalarini taqqoslanganda ularning mos kelishini aniqladi. Plank gipotezasini A. Eynshteyn rivojlantirib, yorugʻlik nurlanganda ham, tarqalganda ham kvantlar — maxsus zarralardan tashkil topadi degan fikrga keldi. Bu zarralar fotonlar deb ataldi. Foton iborasini 1905-yilda A.Eynshteyn fotoeffekt nazariyasini talqin etishda qoʻllagan, bu ibora fizika fanida 1929-yildagina paydo boʻldi. Shunday qilib, fotonlar nazariyasiga muvofiq yorugʻlik toʻlqin (interferensiya, difraksiya) va zarra (korpuskulyar) xususiyatga ega.
1905-yilda A. Eynshteyn Plank gipotezasini rivojlantirib, maxsus nisbiylik nazariyasini yaratdi. 1911-yilda E. Rezerfordning alfa zarralarning jismlarda sochilishini tekshirish tajribasi atomlar yadrosining mavjudligini isbotladi va u atomlarning planetar modelini yaratdi. 1913-yilda N. Bor nurlanishning kvant xarakteri asosida atomlardagi elektronlar maʼlum barqaror holatlargagina ega boʻlib, bu holatlarda energiya nurlanishi sodir boʻlmaydi, degan postulatni yaratdi. Nurlanish elektronlarning bir barqaror holatdan ikkinchi barqaror holatga "sakrab oʻtishi"da, yaʼni diskret ravishda roʻy beradi. Bu postulat oʻsha yili J. Frank va G. Gers oʻtkazgan tajribalarda tasdiqlandi. Bor postulati atomning planetar modeli kvant xarakterga ega ekanligini koʻrsatadi.
A. Eynshteyn butun olam tortishishi (gravitatsiya) masalasi bilan shugʻullanib, 1916-yilda fazo, vaqt va tortishishning yangi nazariyasi — Umumiy nisbiylik nazariyasi(UNN)ni yaratdi. Ilgaridan maʼlum va kuzatilgan, ammo toʻgʻri hamda mukammal ilmiy tushuntirilmasdan kelayotgan qator hodisa va faktlar nisbiylik nazariyasi tufayli har tomonlama oydinlashdi. Bu nazariya oʻziga qadar fanga maʼlum boʻlmagan koʻplab yangi hodisalar qonunlarning borligini oldindan aytib berdi, eng yangi fan uchun gʻoyat zarur boʻlgan natija va xulosalarga erishildi (massaning tezlik oʻzgarishi bilan oʻzgarishi, massa bilan energiyaning oʻzaro bogʻlanishi, yorugʻlik nurlarining kosmosdagi jismlarning yaqin atrofidan chetlanib ogʻishi va boshqalar). M. Laue kristallarda atomlarning tartibli joylashishini rentgen nurlari difraksiyasi yordamida birinchi boʻlib tushuntirib berdi. Rus fizigi G.V. Vulf va ingliz fizigi U.L. Bregg kristallarda atomlarning joylashishini, ular oraligʻidagi masofalarni aniqlab, rentgen strukturalari taxliliga asos soldilar. P. Debai, M. Bornlar kristall panjaralari garmonik tebranib turadigan ossilyatorlar yigʻindisidan iborat, deb tushuntirdilar.
XX asrning 20-yillariga kelib, kvant mexanikaga toʻla asos solindi, mikrozarralar harakatining norelyativistik nazariyasi toʻla isbotlandi. Buning asosini Plank - Eynshteyn - Borlarning kvantlashuv va L. Broylning materiyaning korpuskulyar-toʻlqin xususiyati toʻgʻrisidagi (1924) gʻoyalari tashkil etdi. 1927-yilda tajribalarda kuzatilgan elektron difraksiyasi bu fikrni tasdiqladi. 1926-yilda avstriyalik fizik E. Shryodinger atomlarning uzlukli energiyaga ega ekanligini ifodalovchi kvant mexanikaning asosiy tenglamasini yaratdi.
Kvant mexanika bilan bir qatorda kvant statistika ham rivojlanib bordi. U koʻp mikrozarralardan tashkil topgan tizimlarning xossalarini kvant mexanika qonunlari yordamida oʻrganadi. 1924-yilda hindistonlik fizik Sh. Boze kvant statistikasi qonuniyatlarini fotonlarga (spinlari 1 ga teng) tatbiq etib, muvozanatli nurlanish spektrida energiyaning taqsimlanishi uchun Plank formulasini, Eynshteyn esa ideal gaz uchun energiyaning taqsimlanish formulasini keltirib chiqardi. 1925-yilda amerikalik fiziklar J. Ulenbek va S. Gausmit elektronning xususiy harakat miqdori momentini aniqladilar. Shu yili V. Pauli bir xil kvant holatda faqat bittagina elektron boʻla olishini koʻrsatdi (Pauli prinsipi), shu asosda Mendeleyev davriy sistemasiga nazariy asos berildi.
1926-yilda E. Fermi va P. Dirak Pauli prinsipiga boʻysunadigan, spinlari 1/2 ga teng boʻlgan, bir xildagi zarralar tizimi uchun Fermi-Dirak statistikasini kashf qildilar.
1928-yilda Ya. Frenkel va V. Geyzenberg ferromagnetizm asosida kvantli almashinishdagi oʻzaro taʼsirlar hal qiluvchi ekanligini koʻrsatdilar. 1932-1933-yillarda fransuz fizigi L. Neyel va Ya. Landaular antiferromagnitizm mavjud ekanligini oldindan bashorat qildilar. X. Kamerling Onnes tomonidan simob, qalay va baʼzi elementlarning oʻta oʻtkazuvchanligining hamda Kapitsa tomonidan geliy II ning, oʻta oquvchanligi ochilishi kvant statistikasida yangi yoʻnalishlarning vujudga kelishiga olib keldi. 1950-yilga kelib L. Landau va V. Ginzburg oʻta oʻtkazuvchanlikning batafsil nazariyasini ishlab chiqdilar.
1916-yilda Albert Eynshteyn yaratgan majburiy nurlanishning kvant nazariyasi asosida 50-yillarga kelib yangi kvant elektronikasi rivoj topdi. N. Basov va A. Proxorov (ulardan mustaqil tarzda amerikalik olim U. Tauns) yaratgan mazerda elektromagnit toʻlqinlarni hosil qilish va kuchaytirishni amalga oshirdilar. Bu 60-yillarda yorugʻlikning kvant generatori - lazerning yaratilishiga olib keldi.
XX asrning 2-choragida atom yadrolari tizimi sirlarini va mavjud boʻlayotgan jarayonlarni oʻrganish bilan elementar zarralar fizikasining yaratilishi fizikada inqilobiy oʻzgarishlar boʻlishiga olib keldi.
A.E. Bekkerel P. Kyuri va M. Sklodovskaya Kyuri bilan hamkorlikda radioaktiv nurlanishni, keyinchalik E. Rezerford bu nurlanishning oʻz-oʻzidan parchalanishi nurlanish bilan birgalikda hosil boʻlishini ochdilar. 1932-yilda J.Chedvik neytron zarrani ochdi. Rus olimi D.D. Ivanenko va V. Geyzenberglar atom yadrosining proton va neytrondan iborat ekanligini aniqladilar. 1934-yilda I. Jolio va Kyurilar sunʼiy radioaktivlik hodisasini ochdilar.
Tezlatkichlarning yaratilishi zaryadlangan zarralar taʼsirida yadro reaksiyalari hosil qilish imkonini yaratdi. Yadro boʻlinishlari hodisasining ochilishi muhim natija boʻldi. 1939-1945-yillarda birinchi marta zanjir reaksiyasi yordamida yadro energiyasi ajralib chiqishiga erishildi. Bu energiyadan tinch maqsadda foydalanish 1954-yildan amalga oshdi. 1952-yilda termoyadro sintezi (termoyadro portlashi) amalga oshirildi.
Atom yadrosi fizikasi rivoji bilan bir vaqtda elementar zarralar fizikasi ham rivojlandi. Birinchi muhim yutuqlar kosmik nurlarni tadqiq qilish bilan bogʻliqdir. Myuonlar, mezonlar, K mezonlar, giperonlar kabi zarralar topildi. Yuqori energiyali zaryadli zarralar tezlatkichlari yaratilishi bilan elementar zarralar, ularning xususiyatlari va oʻzaro taʼsirlari rejali tadqiq qilina boshladi. Tajribalarda ikki xil neytrinolar va boshqa koʻplab elementar zarralar ochildi.
Fizika tekshiradigan hodisalarni miqdoriy tahlil qilishda matematikadan keng foydalanadi. Hodisalarning oʻtishi va ularning tabiatidagi murakkablikka qarab qoʻllaniladigan matematika usullari ham murakkablashadi. Hozirgi davrda elementar matematika, differensial, integral hisoblar, analitik geometriya, oddiy differensial tenglamalar bilangina cheklanib qolish mumkin emas. Masalan, maydon nazariyasida tenzorlar, operatorlar kabi tushunchalardan keng foydalaniladi. Fizikaning rivojlanishi hamma vaqt boshqa tabiiy fanlar bilan chambarchas bogʻliq boʻlib kelgan. Fizikaning rivojlanishi boshqa tabiiy fanlarning rivojlanishiga va koʻpgina hollarda yangi fanlarning vujudga kelishiga olib kelgan. Masalan, fiziklar tomonidan mikroskopning ixtiro etilishi kimyo, biologiya, zoologiya fanlarining keng koʻlamda rivojlanishiga sabab boʻldi. Teleskopning yaratilishi, spektral analiz qonunlarining kashf etilishi astronomiya fanining rivojlanishini jadallashtirdi. Elektromagnit induksiya hodisasining kashf etilishi va radioning ixtiro etilishi elektronika va radiotexnika fanlarining vujudga kelishiga olib keldi. Juda koʻp sohalar borki, ularni fizika boshqa fanlar bilan birgalikda oʻrganadi. Shu tariqa kimyoviy fizika, biofizika, astrofizika, geofizika va boshqa fanlar vujudga kelgan. Fizikada yaratilgan kashfiyotlar texnikaning turli sohalari rivojlanishiga, provardida sanoat va xalq xoʻjaligining jadal rivojlanishiga olib kelgan. Kundalik hayotda ishlatilayotgan elektr yoritkich asboblari, radiopriyomniklar, televizorlar, zavod va fabrikalardagi turli xil stanoklar, zamonaviy elektron hisoblash mashinalari, samolyotlar va boshqalar fizikadagi yaratilgan kashfiyotlarning natijasidir. Oʻz navbatida, texnika fanlarining erishgan yutuqlari fizikaning yanada rivojlanishiga sababchi boʻlgan. Texnikaning, umuman xalq xoʻjaligining rivojlanib borishida uzluksiz ravishsa vujudga keluvchi fizik muammolarni hal etib borishga toʻgʻri keldi. Bu esa texnika fanlarining hamma vaqt fizika bilan xamkorlikda ish olib borishini taqozo etadi. Oʻzbekistonda yadro fizikasi, fizik elektronika, qattiq jismlar fizikasi, yuqori energiyali va kosmik nurlar fizikasi, yarimoʻtkazgichlar fizikasi, akustooptika, akustoelektronika, lazerlar fizikasi, geliofizika, geliotexnika va boshqa fizika sohalarida muhim yutuqlarga erishildi.
Hozir Oʻzbekiston Fanlar akademiyasi Yadro fizikasi instituti, Fizika-texnika instituti, S.A. Azimov nomidagi "Fizika-Quyosh" IICHB, U.O.Orifov nomidagi Elektronika instituti kabi oʻnlab ilmiy muassasalar, O'zbekiston Milliy Universiteti, Samarqand davlat universiteti, Toshkent davlat texnika universiteti va respublikadagi qariyb barcha oliy oʻquv yurtlarida ham fizika fanining turli muammmolariga oid ishlar olib borilmoqda.[1]