Futurizm (lotincha: futurum — „kelajak“) 1910—1920-larda Italiya va Rossiyada ommabop boʻlgan badiiy avangardist yoʻnalishlarga berilgan umumiy nomdir. Futurist sanʼatkorlar oʻz asarlarida rasmiy-publitsistik jargon ishlatishgan, plakat va afishalar chizishgan.
Futurizm (lot. futurum — kelajak) — 20-asr boshlarida Yevropa adabiyoti va sanʼatida maydonga kelgan avangardizm oqimi. Futurizm gʻoyalari, ayniqsa, Italiya va Rossiyada adabiyot, teatr, musiqa va kino sanʼatlaridan tashqari, adabiyot shunoslik va sanʼatshunoslik fanlarida oʻz ifodasini topdi. Shuningdek, futurizm Yevropadagi qator adabiyot va sanʼat namoyandalarini ham taʼsir doirasiga tortdi.
1909-yil 20-fevralda "Figaro" (Parij) gaz.da "Futurizm manifesti"ning eʼlon qilinishi Italiyada futurizmning vujudga kelishiga sababchi boʻlgan. Futurizmning nazariyasi va poetikasi 1909— 15 yillarda shakllangan. Milandagi ilk futuristlar guruhi rahbari futurizmT. Marinetti "Futurizm manifesta" (1909), "Oy nurini oʻldiramiz!" (1911), "Futuristik adabiyotning texnik manifesti" (1912), "Sintaksisning yemirilishi..." (1913) maqolalari, shuningdek, rassomlar —U. Bochchoni, K. Karra, kompozitor Pratelli va boshqa oʻz manifestlari bilan futurizm estetikasiga asos solishgan. 20-asrda yuzaga kelgan boshqa avangardlik oqimlari singari, futurizm ham mavjud dunyo bilan aloqani uzib, dunyo madaniyatini rad etgan, oʻzining aksilestetikasini anʼanaviy adabiy did va maktablarga qarshi qoʻygan. Futuristlarning yangi nutqiy ifoda vositalarini axtarishlari ("erkin" sintaksis, tovushtaqlid va boshqalar) poetik til sohasidagi islohot boʻla olmagan. Italyan futuristlari badiiy merosdan voz kechish bilan birga kuch va zoʻravonlikni targʻib qilib, urushni "dunyo gigiyenasi" sifatida madh etgan, ayrimlari esa keyinchalik Mussolini tomoniga oʻtib ketgan.
Rus futurizmi mustaqil badiiy harakat sifatida maydonga keddi. Rus futurizmining tarixi "Gileya" yoki kubofuturistlar (V. V. Xlebnikov, D. D. va N. D. Burlyuklar, V. V. Kamenskiy, V. V. Mayakovskiy va boshqalar), "Egofuturistlar uyushmasi" (I. Severyanin, I. V. Ignatyev, K. K. Olimpov va boshqalar), "Sheʼriyat shiyponi" (V. Shershenovich, R. Ivnev va boshqalar) hamda "Sentrifuga" (B. L. Pasternak, N. N. Aseyev va boshqalar) guruhlarining oʻzaro munosabatlari va kurashi tarixidan iborat. "Gileya" boshqa guruxlardan avval tuzilgan va dastur xarakteridagi bir necha toʻplamlarni nashr etgan uyushma sifatida oʻzida rus futurizmining qiyofasini koʻproq aks ettirgan. Eskilikning muqarrar yemirilajagini, "jahon toʻntarishi" va "yangi insoniyat"ning tugʻilishini sanʼat orqali sezish va oldindan aytib berishga urinish mazkur harakatning umumiy asosini tashkil etgan. Badiiy ijod, rus futuristlarining fikricha, taklid emas, balki tabiatning davomi; tabiat esa insonning ijodiy kuchi yordamida yangi dunyoni barpo etadi. Adabiy janr va uslublarning shartli tizimini buzish, til tabiatning tarkibiy qismi boʻlgan davrga, folklormifologik manbalarga qaytishning boisi shundadir. Futuristlar jonli rus tili zaminida tonik sheʼr va fonetik qofiyani ishlab chikdilar, yangi soʻzni "ijod etish"ga mahliyo boʻlib, hatto yangi sheva yaratishgacha bordilar.
1917-yildan keyin Rossiyada "LEF", "Kommuna sanʼati", Ukrainada "Aspanfut", Gruziyada "41" singari guruxlar tuzildi. V. V. Mayakovskiy singari futurist shoirlarning dovruq qozonishi bilan Oʻzbekistonda ham ularning izdoshlari paydo boʻddi. Ular (Oltoy, Sh. Sulaymon, U. Ismoilov) maʼlum vaqg tovush taklidiga asoslangan, shaklbozlik koʻrinishlaridan iborat sheʼriy tajriba bilan mashgʻul boʻldilar. Ammo sotsialistik realizm metodining karor topishi bilan bunday hollarga barham berildi. Adabiybadiiy taraqqiyot avangardlik oqimlarining oʻtkinchi davr samarasi ekanini isbotladi.