Geosinklinal (geo... va sinklinal), geosinklinal mintaqa — Yer poʻstining uzun (oʻn, yuzlab km), nisbatan tor va chuqur choʻkmasi. Dengiz havzalari tubida vujudga keladi va odatda, yer yoriqpari bilan chegaralangan(yopilgan), choʻkindi va vulqon jinslarining qalin qatlami bilan toʻlgan boʻlar ekan. Uzoq davom etgan shiddatli tektonik deformatsiyalar natijasida geosinklinal murakkab burmali struktura — togʻ tizimlariga aylanadi. Odatda, okeandan qitaga oʻtish zonasida yoki qitʼalar oraligʻida joylashadi. Geosinklinal okean tubi Yer poʻstining qitʼa Yer poʻstiga aylanishi deb tushuniladi. Hoz. zamon geosinklinal analogiga chekka va ichki dengizlarning (chuqur suv osti novlari bilan birga) orollar yoyi misol boʻla oladi. Shu maʼnoda geosinklinal — geosinklinal mintaqa sinonimi.
10-asrda Abu Rayhon Beruniy oʻz davri fan yutuqlarini umumlashtirib togʻlarning paydo boʻlishi va yoʻq boʻlib ketishi tabiiy omillar asosida yuz berishini talqin etuvchi nazariyani olga surgan edi. Geosinklinal tushunchasini fanga kiritishni 1873 yilda amerikalik olim J. Dana taklif etgan. Uning fikricha, burmalanish jarayoni va choʻkindi jinslarning koʻplab toʻplanishi bilan togʻ hosil boʻlish jarayoni oʻrtasida genetik birlik bor. 20-asr boshlarida bu taʼlimotni yevropalik olimlardan E. Og (fransuz), geosinklinal Shtille va E. Kraus (nemis), E. Argon va P. Arbenslar (shveysariyalik) yanada rivojlantirib, uning davriy qonuniyati, joylanishi va tuzilishi ustida ilmiy ishlar olib bordilar. Geosinklinal xiyla murakkab, uning turli xillari maʼlum. Yer poʻstining eng yirik geosinklinal strukturalari birlashib geosinklinal mintaqasini tashkil etadi (H. M. Abdullayev, Yu. M. Sheynman, V. Ye. Xain). Yevrosiyo materigida toʻrtga: Oʻrta dengiz, Ural-Mongoliya, Tinch okean va Atlantika geosinklinal mintaqalari bor. Bularga tuzilishi bir xil boʻlgan turli yoshdagi burmalangan togʻliklar mansub, ular qad. platformalar bilan chegaralangan. Geosinklinal mintaqalar oʻz navbatida geosinklinal obla-stlarga boʻlinadi. Geosinklinal oblastlar umumiy yoʻnalishdagi har xil tarkibga, tuzilishga ega boʻlgan bir qancha geosinklinallardan va oʻrtalik massivlardan tashkil topgan. geosinklinallarning uz. 2000 km gacha, eni 50 dan 150 km ga yetadi. Geosinklinal burmalanish fazasi bilan farqlanadi, mas, gersin burmalanish fazasi, kaledon burmalanish fazasi. Geosinklinal dastlab tez choʻkadi va oxirgi davrida, aksincha, koʻtariladi, burmalanadi va, nihoyat, togʻliklar hosil qiladi. Uning vujudga kelishi va rivojlanishi chuqur darzlar paydo boʻlishi bilan bogʻliq. Geosinklinal oblasti rayonlarida kuchli burmalanish, shiddatli vulkan, intruziv paydo boʻlish jarayonlari va kuchli zilzilalar boʻladi. Geosinklinallar choʻkindi jinslarning qalinligiga qarab sinklinoriy va antikli-noriy strukturalari ga, tuzilishiga qarab evgeosinklinal va miogeosinklinalga boʻlinadi. Geosinklinalning rivojlanishi davriy qonuniyat asosida boradi va bir tektonik sikl davomida boʻladigan va bir-biriga qarama-qarshi ikki boshlangʻich hamda yetuk bosqichlarni oʻz ichiga oladi. Birinchi bosqichda geosinklinal tez choʻkadi, natijada V shakldagi darzlar bilan chegaralangan chuqur dengiz havzalari vujudga kelib, choʻkindi jinslar koʻp toʻplanadi. Bunda asosli va oʻta asosli magmatik jarayonlar boʻladi. Ikkinchi bosqich koʻtarilish davrida geosinklinal sistemaga aylanadi, togʻliklar qad koʻtaradi. Choʻkindi jinslar burmalanadi, deyarli oʻrta tarkibli lavalar oqib chiqadi, intruzivlar hosil boʻladi, metamorfizm (togʻ jinslarining oʻzgarishi) kuchayadi. Zilzila oʻchoqlari doim harakatda boʻladi. Geosinklinal choʻkish va koʻtarilish davrida atrofdagi strukturalar ham ancha oʻzgaradi. Choʻkish davrida geosinklinal atrofida havzalar vujudga keladi, koʻtarilish davrida esa togʻ oldi chuqurliklari hosil boʻlib, ularda choʻkindi, molass formatsiyalari toʻplanadi. Geosinklinalning davriy rivojlanish qonuniyatiga asoslanib, paleozoy erasida kaledon, gersin, mezokaynozoy erasida alp geosinklinal burmalanish sikllari boʻlganligi aniqlangan. Qozogʻiston hududidagi Talas, Qirgʻiziston tizma togʻlari kaledon burmalanish fazasida, Oʻzbekistan va Qirgʻiziston hududidagi Olay, Zarafshon, Turkiston, Chatqol, Ugom, Piskom togʻlari gersin burmalanish fazasida paydo boʻlgan geosinklinallar hisoblanadi. geosinklinalda temir, mis, qoʻrgʻoshin, qalay, volfram konlari boʻladi. Geosinklinal maʼlum hududning geologik rivojlanish tarixini oʻrganishda muhim ahamiyatga ega.