Gibraltar
Gibraltar (inglizcha: Gibraltar; arab. Jabal atToriq – Toriq togʻi) – Buyuk Britaniyaning Pirenei yarim oroli janubidagi mulki, qoyali yarim orol va qumli boʻyinni egallaydi.
Maydoni 5,5 km2. Aholisi 27 ming kishi (1997). Neytral zona (kengligi 500 m) Gibraltarni Ispaniyaning Lalinea shahridan ajratib turadi. Gibraltar qadimda yunon va rimliklarga Kalpe nomi bilan maʼlum edi. 711-yil arab lashkarboshisi Toriq ibn Sayd qoʻshin bilan boʻgozdan oʻtib, shu qoyaga istehkom qurgan. Gibraltarni 1309—33 yillarda va 1462-yildan Ispaniya, 1704-yildan Angliya egalladi. Gibraltarni ingliz gubernatori boshqaradi. 1968-yilda Angliya bilan Ispaniya oʻrtasida Gibraltarni Ispaniyaga qaytarish toʻgʻrisida muzokaralar boʻlib oʻtgan, ammo har ikki tomon ham bir natijaga erishmagan. 1980-yilda boʻlib oʻtgan qayta muzokaralar (1985-yildan kuchga kirdi) natijasida gibraltarliklar va ispanlar bir-birlarining hududlariga bemalol oʻta olish huquqiga ega boʻldilar.