Husayn Boyqaro | |
---|---|
Tavalludi | 1438-yil iyun |
Vafoti | 4-may 1506-yil (68 yoshda) |
Fuqaroligi | Temuriylar imperiyasi |
Dini | Islom |
Otasi | Umarshayx |
Onasi | Feruzabegim |
Husayn Boyqaro (Husayniy) (1438-yil, Hirot—1506-yil, 4-may, Bobo-Ilohi, Hirot yaqinida) — Temuriylar sulolasining vakili, Xuroson podshosi, taniqli turkiy shoir va davlat arbobi.
Hirot yaqinida tugʻilgan. 1469-yildan umrining oxirigacha Xuroson podshohi. Uning hukmdorligi yillarida iqtisodiy va madaniy hayot yaxshilangan. Navoiyning maktabdosh doʻsti va homiysi.
Tarixiy manbalardan shu narsa maʼlumki, Husayn Boyqaro Temuriy shahzodalar orasida jasoratli, mard, odil va tadbirkor saltanat sohibi boʻlgan. Husayn Boyqaro Hukmronlik qilgan davrda Xuroson fuqarolari birmuncha osoyishta va farovon hayot kechirgan. Ayniqsa, vaziri Alisher Navoiyning saʼy-harakatlari natijasi oʻlaroq, mamlakatda yirik suv inshootlari, maʼmuriy va madaniy qurilishlar, madrasa, masjid, karvonsaroy, rabotlar, ko‘priklar va sh.k. qurilish ishlari keng koʻlamda olib borilgan. Shu bois Husayn Boyqaroning hukmronlik davrida Hirot fan va madaniyat markaziga aylangan edi. Bu davrda ilmu fanning barcha jabhalarida qalam tebratgan allomalar, soʻz ustalari, adiblar, shoirlar, musiqashunoslar, hunarmand naqqoshlar va musavvirlar Hirotning dovrugʻini jahonga mashhur qilganlar.[1]
Husayn Boyqaro, Husayniy (toʻliq nomi Husayn ibn Mirzo Mansur binni Mirzo Boyqaro) (1438— Hirot — 1506) — Xuroson hukmdori (1469-1506), shoir. 15-asr oʻzbek mumtoz adabiyotining namoyandalaridan. Temuriylardan Umarshayx mirzoning evarasi. Onasi Feruzabegim temuriylardan Mironshohning nabirasi. Husayn Boyqaro, Bobur taʼriflaganidek, ikki tomonlama ulugʻ („karim ut-tarafayn“) boʻlgan.