Infeksion kasalliklar

Infeksion kasalliklar — patogen mikroorganizmlar (bakteriyalar, viruslar, eng sodda jonivorlar va hokazo)ning kishi, hayvon va oʻsimlik organizmiga kirib koʻpayib, zararli taʼsir koʻrsatishi natijasida kelib chiqadigan kasalliklar. Infeksion kasalliklardan baʼzilari (masalan, qizamiq) bemorga yaqin yurilganda yuqadi, ularga „yuqumli kasalliklar“ termini juda mos keladi. Infeksion kasalliklardan baʼzilari (masalan, bezgak) bemorga yaqin yurilganda („kontakt“ yoʻli bilan) yuqmaydi, demak, ularga „yuqumli kasaaalliklar“ termini unchalik toʻgʻri kelmaydi.

Bemor organizmida shu kasallikni vujudga keltiruvchi maxsus mikrob borligi va kasallikning odamdan odamga yuqishi mumkinligi Infeksion kasalliklarning asosiy belgilaridir.

Infeksion kasalliklarning chinakam sabablari 19-asrning 2-yarmida L. Paster, R. Kox, I. I. Mechnikov va b. olimlarning ishlari bilan isbot qilindi. Baʼzi kasalliklar (vabo, ich terlama, paratif, dizenteriya va b. ichak infeksiyalari) hazm yoʻli orqali (bemorlar najasi tushgan suv va oziq-ovqat yoki shu najas zarralari tekkan yuvuqsiz qoʻl orqali) yuqadi. Bemor yoʻtalganda, aksa oʻrganda, soʻzlashganda chiqadigan mayda shilimshiq zarralari havo bilan nafas yoʻllariga kirishidan kelib chiqadigan kasalliklar (tomchili infeksiyalar)ga gripp, koʻkyoʻtal, parotit, difteriya, qizamiq va b. kiradi. Baʼzi kasalliklarqon soʻrar hasharotlar (bit, chivin, burga, kana, iskabtopar va hokazo) orqali yuqadi (bezgak, toshmali terlama, qaytalovchi terlama, kana va chivin orqali yuqadigan ensefalitlar, iskabtopar isitmasi va hokazo). Bemorga yakin yurganda yoki uning sochigʻi, idishtovogʻi va b. buyumlaridan foydalanganda yuqadigan kasalliklar (tanosil kasalliklari, kuydirgi, kal yara va b.) alohida guruhni tashkil etadi. Infeksion kasalliklar bir necha kun (gripp, qizamiq, iskabtopar isitmasi) yoki bir necha hafta (ich terlama, toshmali terlama va b.) davom etishi yoki oylab va hatto, yillab choʻzilishi mumkin (sil, moxov, zaxm). Infeksion kasalliklar kelib chiqishi organizmga kirgan patogen mikroblarning soniga, viru-lentligiga, kirgan joyiga, kishining yoshiga, infeksiyaga moyilligiga, shuningdek, mikrob atrofidagi tashqi muhit sharoitiga (noqulay sharoitda mikrobning virulentligi kamayadi) bogʻliq. Infeksion kasalliklarning paydo boʻlishi va uti-shida ijtimoiy sharoit (uy-joy, ovqatlanish tarzi, madaniy saviya, tibbiy yordam) hal qiluvchi rol oʻynaydi. Shu sharoitning oʻzaro taʼsiriga qarab Infeksion kasalliklarning turli (tipik — rostmana, yengil va b.) shakllari na-moyon boʻladi. Infeksion kasalliklarning oʻtishida inku-batsion davr, kasallik simptomlarining paydo boʻlish va oshib borish davri, kasallik avjiga chiqqan davr, kasallikning soʻnish davri va sogʻayish davri farq qilinadi. Infeksion kasalliklarning har birida shu davrlarning oʻziga xos xu-susiyatlari bor. Ich terlama kabi baʼzi Infeksion kasalliklar mikrobi ogʻrib oʻtgan organizmda saqlanib qoladi va tevarakatrofdagi muhitga chiqaveradi. Koʻpgina Infeksion kasalliklardan keyin immunitet qoladi. Masalan, Infeksion kasalliklarni aniqlashda kasallikning klinik belgilari, lab.da tekshirish natijalari va epidemiologik maʼlumotlar asos qilib olinadi. Bemorlar maxsus jihozlangan infeksion kasalxonalarda davolanadi. Infeksion kasalliklarga qarshi kurashda profilaktika tadbirlari hal qiluvchi rol oʻynaydi.

Infeksion kasalliklarning yanada tarqalishiga yoʻl qoʻymaslik uchun shunday kasalliklar bilan ogʻrigan bemorlar yoki shunday kasallik bor deb gumon qilingan kishilar kasalxonada yoki uyida ajratib qoʻyiladi. Toun (chuma), vabo (xolera), toshmali terlama (toshmali tif), ich terlama (qorin tifi), paratif, dizenteriya, virusli gepatit, difteriya va b. kasalliklar topilgan yoki gumon qilingan kishilarni maxsus sanitariya transportida kasalxonaga olib borib yotqizish shart. Gripp, qizamiq, koʻkyutal va b. baʼzi Infeksion kasalliklar bilan ogʻrigan bemorlarni alohida xonaga yotqizish, tegishlicha parvarish qilish va dezinfeksiya oʻtkazib turish sharti bilan uyida ajratib qoʻyish mumkin.

Sanatoriylar, dam olish uylari, bolalarni sogʻlomlashtirish muassasalari, bolalar bogʻchalari va yaslilarda, shuningdek, kasalxonalarning terapiya, xirurgiya, pediatriya va b. (infeksion boʻlimidan tashqari) boʻlimlarida izolyator jihozlanadi. Ayniqsa, xavfli infeksiyalar (toun, vabo) bilan ogʻrigan bemorlarga yaqin yurgan kishilarni oʻsha kasalliklarning inkubatsion davriga teng keluvchi muddat bilan ajratib qoʻyish shart. Boshqa infeksion kasalliklarda bemorlar turli muddat bilan ajratib qoʻyiladi (jadval).[1]

  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil. Shonosir Shovahobov.