Ituzumdoshlar (lotincha: Solanaceae) — ikki urugʻpallalilar sinfiga mansub oʻsimliklar oilasi. Oʻt, butachalar, lianalar va kichik daraxtlardan iborat. Barglari yonbargchasiz, ketma-ket joylashgan, gullari ikki jinsli. Kosachasi va gultoji 5 boʻlakli. Changchisi 5 ta. Mevasi — rezavor yoki koʻsakcha. Ituzumdoshlarning 90 turkumi, 2900 turi boʻlib, ular yer sharining tropik mintaqalarda, xususan, Janubiy va Markaziy Amerikada keng tarqalgan. Ituzum, pomidor, baqlajon, qalampir, paqpaq va goji oqchingʻil kabi turkumlari katta ahamiyatga ega. Ituzumdoshlarga kartoshka, pomidor, tamakigul, tamaki, maxorka va boshqa ekinlar kiradi. Koʻpchilik ituzumdoshlar — belladonna, mehrigiyoh, skopoliya, mingdevona, bangidevona, fisoxlaina va boshqa tarkibida alkaloidlar bor. Baʼzi ituzumdoshlar manzarali oʻsimlik sifatida oʻstiriladi.[1][2]