Jazba — solikning azaliy inoyat tufayli ortiqcha saʼy-harakatsiz Haq taologa yetkazadigan ruhiy manzil va maqomlarni bosib oʼtishi.
Jazba — tortish, Allohning bandasini huzuriga jalb etishi, vajd holi. „Allohdan yetgan bir jazba barcha jin va insonlarning amaliga barobardir“. Majzub — Jazbaga tutilgan, jazbali, vajd va istigʻroq holatida boʻlgan, bir onda butun hol va maqomlarni oshib oʻtib mashaqqatsiz vuslatgʻa erishgan ilohiy huzurga jazb va jalb etilgan[1].
Jazba — paygʼambarlar va majzub avliyolarning yoʼli hisoblangan. Roʼzbehon Baqliy Sheroziyning fikricha, Jazba haqiqati — ruhda tajalliy nurlarining zuhuridir. Xoja Abdulloh Ansoriy ilohiy Jazbani jamiyki ins-u jinlarning amaliga teng, deb hisoblagan.
Jazba — Haq taolo tomonidan, banda tomonidan esa moyillik, iroda, muhabbat va ishq sodir boʼladi. Jazbaning asosiy sharti — Alloh taolo tomonidan beriladigan isteʼdod. Solikda isteʼdod va qobiliyat boʼlmasa, faqat riyozat va intilish bilan Haqqa yetisha olmaydi. Sayri sulukning ibtidosi Jazbaning nihoyasi hisoblanadi. Jazba tugʼma boʼlishi yoki saʼy-harakat jarayonida solik qalbiga nuzul qilishi mumkin. Tugʼma faqirligi koʼringan solikni „majzubi solik“, saʼy-harakat davomida jazba paydo qilgan solikni „soliki majzub“ deb nomlaganlar[2].
Navoiy Sayid Hasan Ardasherga yozgan maktub-masnaviysida Jazbaga oʻziga xos taʼrif beradi:
Biri buki, bir jazba Haqdin yetib,
Koʼngulni yaqin jomidin mast etib,
Haqiqat sari turktoz aylagay,
Jahon shugʼlidin beniyoz aylagay.
(„Gʻaroyib us-sigʻar“, „Masnaviy“)[3]
Zamondosh oʻzbek shoiri Jontemir Jondorning „Jazba“ nomli kitobi ham mavjud.