Kalvinizm — protestantizmdagi yoʻnalishlardan biri. Asoschisi J. Kalvin. Reformatsiya natijasida 16-asrda Jenevada vujudga kelib, Fransiya, Niderlandiya, Shotlandiya, Angliya va boshqa mamlakatlarga tarqalgan. Kalvinizm taʼlimotiga faqat Muqaddas yozuvni tan olish, ilohiy qismatga ishonish, odamlarning najot topishida ruhoniylarning yordami zarurligini inkor etish, xoch va ikonaga sajda qilishni rad etish, cherkov marosimlarini soddalashtirish (ibodat paytida diniy musiqa chalmaslik, sham yoqmaslik, cherkov devorlarida tasvirlar boʻlmasligi) xos. Kalvinizm bir necha tarmoqlarga boʻlinib ketgan. Kalvinizmning hozirgi zamon tarafdorlari — kalvinistlar, reformatlar, presviterianlar, kongregatsionalistlar[1].