Karyer (fransuzcha: carrière) — foydali qazilmalarni ochiq usulda qazib oladigan korxona; yer qaʼridan foydali qazilmalarni ochiq usulda qazib olishda hosil boʻladigan chuqurliklar majmui. K. bir nechta pogʻonaʻona tizimlaridan iborat boʻlib, odatda, yuqoridagi pogʻonalar puch togʻ jinslarida joylashadi, pastki pogʻonalarda foydali qazilma qazib olinadi. Foydali qazilmani qazib olish uchun puch (qoplama) togʻ jinslarini surib ochiladi.
Ochiq usulda foydali qazilmalarni qazib olish qad.dan maʼlum. Dastlabki katta Karyerlar Qad. Misrda ehromlar bunyod etilishi bilan bogʻliq boʻlgan, keyinchalik Karyerlarda bunyodkorlik va haykaltaroshlik ishlari uchun marmar toshlari katta hajmda qazib olingan. 20-asr boshigacha ochiq kon ishlari keng rivojlangan. Asrning oxiriga kelib dunyoda qurilish materiallari sifatida ishlatiladigan togʻ jinslarining qariyb 95%, foydali qazilmalarining 70%, qoʻngʻir koʻmirning 90%, toshkoʻmirning 20% Karyerlardan qazib olingan. Katta Karyerlarda yiliga oʻnlab million tonna foydali qazilma va puch togʻ jinslari qaziladi. Jahondagi eng katta Karyerlar: "Bogatir" (Qozogʻiston) — yiliga 50 mln.t dan ortiq toshkoʻmir va 25 mln.m3 qoplama togʻ jinslari, "Maunt-Rayt". (Kanada) — 45 mln. t temir rudasi va 25 mln.t qoplama togʻ jinslari, "Fortuna" (Germaniya) — 42,6 mln.t qoʻngʻir koʻmir va 89,2 mln.m3 qoplama togʻ jinslari qazib chiqariladi. Oʻzbekistonda "Muruntov" oltin qazib oladigan Karyer bor. Yillik unumdorligi 45 mln.m3. Uzunligi 3500 m, eni 2500 m, chuq. 300 m. Loyihada 600 m gacha chuqurlashtirish koʻrsatilgan. "Qalmoqqir" Karyerning yillik unumdorligi 24 mln.m3 boʻlib, tarkibida mis, oltin, kumush, qoʻrgʻoshin, pyx, reniy, osmiy mavjud boʻlgan ruda qazib olinadi. "Angren" Karyerida yiliga 3 mln. t atrofida qoʻngʻir koʻmir va kaolin qazib olinadi. Oʻzbekistondagi 36 marmar va 21 granit Karyer larda yiliga 2,3 mln.m3dan ortiq (2001) qoplama toshlar va millionlab m3 ohaktosh qazib olinadi. Marmar qazib olinadigan Gʻozgʻon, Jom, Zarband va Nurota Karyerlari, granit chiqadigan Langar va Sevasoy Karyerlari mashhur.[1]