Bu maqolada ichki havolalar juda kam. |
Kolbasa mahsulotlari – bevosita isteʼmol qilishga tayyor oziq-ovqat mahsulotlari. Goʻsht, yogʻ hamda hayvon va oʻsimliklardan olinadigan yordamchi mahsulotlar qoʻshib tayyorlanadi. Kolbasa mahsulotlariga dudlamalar, pishirilgan (shu jumladan, sosiska va sardelkalar), qiymali, liver, hayvon qonidan tayyorlangan, yarim dudlangan, (pishirilib dudlangan, nam dudlangan) kolbasalar kiradi. Kolbasa mahsulotlari umumiy isteʼmol, davo-parhez va bolalar isteʼmoliga moʻljallangan turlarga boʻlinadi. Kolbasa mahsulotlarining ayrimlari konservalar holida ishlab chiqariladi. Kolbasa mahsulotlari tayyorlashda mol, choʻchqa, oz miqdorda qoʻy, parranda va quyon goʻshti ishlatiladi. Ichiga turli qoʻshimchalar: sut oqsili, un, kraxmal, yormalar, ziravorlar solinadi. Koʻpgina kolbasa mahsulotlari uchun qiyma (qiymalangan goʻshtga yogʻ va turli qoʻshimchalar aralashtiriladi) tayyorlanadi, soʻngra uni qobiqqa tiqib yoki maxsus qoliplarga solib olingan yarim fabrikatlar qovuriladi, qaynatiladi yoki dudlab, soʻng zarurat boʻlganda quritiladi va sovitiladi. Kolbasa mahsulotlarini sovitilgan holda saqlash muddatlari: nam dudlangan kolbasalar – 9 oygacha, pishirib dudlangani – 4 oygacha, yarim dudlangani – 15 sutkagacha, pishirilgani – 2 sutkagacha, liverli – 24 soatgacha.
Oʻzbekistonda turli kolbasa mahsulotlari goʻsht kombinatlari va xususiy korxonalarda ishlab chiqariladi.[1]