Kserks I (qad. forscha Xshayarshan) (?— miloddan avvalgi465) — axomaniylar sulolasiga mansub qad. Eron shohi (486—465). Doro I va Kir //ning qizi Atossaning oʻgʻli. Axomaniylarga tobe misrliklar qoʻzgʻoloni (486—484)ni bostirgan. 482 yil bobilliklar qoʻzgʻolon koʻtargach, Bobilni vayron qilgan, Bobil shohi degan unvondan voz kechish bilan rasman va amalda Bobil davlatini yoʻq qilib, uni oddiy bir satrapiyata aylantirgan. 480 yil Yunonistonga yurish qilgan. Ammo 479 yil forslar floti ham, quruqlikdagi qoʻshini ham tor-mor keltirilgan. Bu magʻlubiyatlar Axomaniylar davlati tanazzuli jarayonini kuchaytirgan. K. mamlakat yaxlitligini saqlab qolish maqsadida diniy islohot oʻtkazgan — mahalliy urugʻ-qabila maʼbudlariga sigʻinishni taqiqlab, Axuramazdaga topinishni joriy etgan. U saroy ahli uyushtirgan fitnada oʻldirilgan.[1]