Kunlun

Kunlun, Kuen-Lun (xitoy tilida Gun-Lunshan — piyozli togʻlar)— Osiyoda maydoni jihatidan eng yirik togʻ sistemalaridan biri, Xitoyda. Tibet togʻligining shimoliy va sharqiy chekkalari boʻylab 2700 km ga choʻzilgan. Suvayirgʻich tizmalarining balandligi 6000– 6500 m. K., asosan, kenglik yoʻnalishidagi juda koʻp tizmalardan iborat. Eni gʻarbda 150 km, sharqida 600 km gacha. Eng baland joyi Ulugʻmuztogʻ choʻqqisi (7723 m). Boshqa baland choʻqqilari: Choʻngqorlitogʻ — 7720 m, Qoʻngʻir— 7579 m, Muztogʻ — 7272 m va boshqa K.ning nisbiy balandligi Tibet togʻligidan 1000–1500 m, Qashqar tekisligi va Alashan choʻlidan 4500 m gacha. K., asosan, paleozoyning metamorfik va granit jinslaridan tuzilgan. Foydali qazilmalardan oltin, temir rudasi, qalay, volfram, koʻmir, nefrit, olmos konlari topilgan. Iqlimi quruq, moʻʼtadil, keskin kontinental iqlim. Baland togʻ zonasida yanvar oyining temperaturasi —35° gacha, iyulniki 10° ga yaqin. Yiliga gʻarbida 50 mm dan sharqida 500 mm gacha yogʻin toʻshadi. Muzliklarning maydoni 11,6 ming km². Daryolari qisqa, kamsuv. K.ning markazida (Vanshan togʻlari) Kukunor koʻli joylashgan. Togʻ, dasht va choʻl landshafti xos, shimoliy yon bagʻirlarida qoraqaragʻay, archa oʻr-monlari, butazorlar bor. Yaylovlardan koʻchmanchi chorvachilikda foydalaniladi. 3600 m balandlikkacha voha dehqonchiligi (arpa va bugʻdoy) rivojlangan.[1]

  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil