Malay arxipelagi

Malay arxipelagi — Yer yuzidagi eng yirik orollar toʻplami, Osiyoning materik qismi bilan Avstraliya oraligʻida. Jami 10 mingdan ortiq orollardan iborat boʻlib, umumiy maydoni 2 mln. km² ga yaqin. Katta Zond orollari, Kichik Zond orollari, Filippin va boshqa bir necha mayda orollardan iborat. Malay arxipelagida Indoneziya, Malayziya va Filippin davlatlari joylashgan. Relyefi, asosan, togʻli, 100 dan ortiq harakatdagi vulqon bor. Tez-tez zilzila boʻlib turadi. Eng baland joyi 4101 m (Kalimantan oroldagi Kinabalu togʻi). Yirik qalay konlari bor; neft, gaz, temir, nikel, mis, volfram, marganets rudalari, boksit qazib chiqariladi.

Iqlimi ekvatorial va subekvatorial, tekisliklarda yil davomida harorat 23–26°. Yiliga 1000–2000 mm, togʻlarda 5000 mm gacha yogʻin yogʻadi. Daryo koʻp. Daryolari sersuv, biroq qisqa, baʼzilarida kema qatnaydi. Tuprogʻi qizil, qizilqoʻngʻir, togʻlarda qoʻngʻir va togʻ-oʻtloqi, vodiylarda allyuvial tuproq. Tekislik va past togʻlar 1200–1300 m gacha sernam tropik oʻrmonlar, undan yuqorisi subtropik oʻrmonlar bilan qoplangan. Baʼzi joylar musson oʻrmonlari va savannalardan iborat. Daryo vodiylari va dengiz sohillarida mangra oʻrmonlari bor. Tekisliklarning katta qismi ekinzor. Flora va faunasi turlarga boy. Ularning 30–35% endemik turlar. Faunasining eng harakterli vakillari: odamsimon va itsimon maymunlar, fil, karkidon, malay ayigʻi, malay qizil boʻrisi va boshqa Malay arxipelagining hayvonot dunyosi Malay va Papua kichik oblastiga mansub.[1]

  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil