Malikshoh

Malikshoh, Abulfath Jaloliddin (10551092) — saljuqiylar sultoni (1072—92). M. 1072-yil otasi Alp Arslon oʻrniga taxtga oʻtirgan va davlatni vazir Nizomulmulkni kuchli taʼsiri ostida boshqargan. Nizomulmulk uning otasi davrida ham vazir boʻlib, yosh M.ga murabbiylik ham qilgan, M. uni oʻz homiysiotabek deb atagan. M. otasi kabi iqtidorli sarkarda boʻlgan. Uning hukmronligi davrida Saljuqiylar davlati hududi juda ham kengaygan (Qashqardan Oʻrta dengizgacha, Kavkaz va Orol dengizidan Fors qoʻltigʻigacha), davlatning kuch-qudrati oʻzining yuqori choʻqqisiga yetgan. M.ga harbiy jasoratlardan koʻra, Nizomulmulkning mamlakat ichki siyosatida olib borgan faoliyati koʻproq shuhrat keltirgan: vayron boʻlgan shahar, qishloqlar tiklangan, aloqa yoʻllari yaxshilangan, koʻplab xonaqohlar, masjidlar, karvonsaroylar, rasadxonalar qurilgan. Umar Xayyom M. topshirigʻiga koʻra, sosoniylarning shamsiy taqvimini isloh etib, yangi taqvim tayyorlagan (u "Malikiy yil hisobi" yoxud "Jalol erasi" nomi bilan mashhur). Nishopur, Basra, Isfahon, Hirotda madrasalar qurilgan, xususan, Bagʻdoddagi "Nizomiya" madrasasi butun jahonga mashhur boʻlgan. Olimlarga homiylik qilingan. Saroyda muntazam suratda shoirlar anjumani boʻlib turgan. Mamlakatda diniy tolerantlik ustun boʻlgan; M. garchi sunniy boʻlsada, shia imomlari maqbaralarini ziyorat qilgan. Saltanatdagi tartibni shaxsan nazorat qilish uchun M. hayoti chogʻida davlat hududini 10-marta kezib chiqqan. U saltanatni 12 ta viloyatmulkka ajratib, ularni saljuqiy amirlar va lashkar boshilarga iqto tariqasida bergan. M. hukmronligining soʻnggi davrida hashshoshiylar siyosat maydoniga chiqqanlar.[1]

  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil