Meningit | |
---|---|
Umumiy maʼlumotlar | |
Qoʻzgʻatuvchisi | Meningokokk |
Klassifikatsiyasi va tashqi linklar | |
Ixtisos | nevrologiya, infectious diseases[*] |
DiseasesDB | 22543 |
MedlinePlus | 000680 |
eMedicine | med/2613/{{{eMedicineTopic}}} |
Patient UK | Meningit |
MeSH | D008581 |
Meningit (qadimgi yunoncha: μῆνιγξ → lotincha: meninx , qaratqich k. lotincha: meningis „meninges“ + qoʻshimchasi -itis " yalligʻlanish ") – miya va orqa miya membranalarining yalligʻlanishi[1]. Mustaqil kasallik sifatida paydo boʻladigan birlamchi va asoratlar tufayli yoki infeksiya yuqishi, masalan, oʻrta quloq, burun yondosh boʻshliqlarining yalligʻlanishi, gripp, qizamiq, tepki, sil, zaxm oqibatida kelib chiqadigan ikkilamchi meningit farqlanadi. Meningit qoʻzgʻatuvchilariga (virusli, bakterial, zamburugʻli; sil, zaxm meningiti va boshqalar), kechishiga (oʻtkir, oʻrtacha oʻtkir va surunkali meningit), orqa miya suyuqligininh (likvorning) oʻzgarishiga qarab (yiringli va seroz meningit) ajratiladi. Chivin va kanalar yuqtiradigan infeksion kasalliklarda (ensefalitda, meningoenefalitda) ham meningit kuzatiladi. Infeksiya meningit bilan ogʻrigan bemor yoki bakteriya tashib yuradigan „sogʻlom“ kishilardan (ular bilan soʻzlashganda, oʻpishganda, bemor aksirganda, yoʻtalganda), aksari yuqori nafas yoʻllari yalligʻlangan bemorlardan yuqadi. Kattalarga nisbatan yosh bolalar koʻproq kasallanadi. Aksariyat kech kuz, qish va erta bahorda uchraydi. Kasalllk toʻsatdan boshlanadi, harorat 38—40°ga koʻtariladi, badan uvishadi, bemor tez-tez qayt qiladi (ovqat yesa-yemasa ham), bezovtalanadi. Meningitning shakliga qarab klinik belgilari xilma-xil boʻladi, lekin ularning barchasiga xos ayrim alomatlar mavjud; qattiq bosh ogʻrigʻi, bosh va boʻyin muskullarining tortishishi natijasida bemornig boshi orqaga engashgan boʻlib, oldinga ega olmaydi, oyoqlari bukilib qoladi. Baʼzan bemor alahlaydi, talvasa tutishi ham mumkin, tashqi taʼsirotlarga (kuchli yorugʻlik, qattiq tovush va hokazolarga) taʼsirchan boʻladi[2].
Yalligʻlanish jarayoniga va orqa miya suyuqligining tarkibiga qarab yiringli va seroz meningitlarga boʻlinadi. Hamma meningitlarda quyidagi meningial belgilar kuzatiladi:
1. Bosh ogʻriq – bu miya pardalaridagi sezuvchi retseptorlarning taʼsirlanishidan kelib chiqadi. Bosh ogʻriq hamma vaqt boshning barcha tomonida, koʻproq
ensa va peshona qismida boʻladi. Bosh ogʻriq V—X juft kbm nervlarining toksik yoki mexanik taʼsirlanishi (bosh miya bosimining oshishi) dan keyin paydo boʻladi. 2. Qusish – markaziy xarakterga ega boʻlib qusish ovqat yeyishga bogʻliq boʻlmaydi.
3. Giperesteziya – bemorlar yorugʻlikni, tovushni, shovqinni juda yomon his qiladi.
4. Ensa mushagining tarangligi – boʻyin mushaklarining tarang tortilib qolishi. Bu narsa orqa miya ildizlarining taʼsirlanishi natijasida kelib chiqadi.
5. Kernig va Brudzinskiy (yuqori, oʻrta, pastki) belgilari.
6. Yangi tugʻilgan chaqaloqlarda katta liqildoq tarangligi.
7.Lessaj (osiltirish) belgisi – bolani qoʻltigʻidan koʻtarganda oyoqlarini bukib tizzasini qorniga tekkizadi.
8. Uch oyoq belgisi – bemor qoʻlini orqasiga qilib oʻtirgan vaqtda oyoqlarini tizzasidan bukib oladi[3]
Meningitning hamma xilida bemorni darhol vrachga koʻrsatib, albatta, kasalxonaga yotqizish kerak. Davo oʻz vaqtida boshlansa bemor batamom sogʻayib ketadi. Kasallik qoʻzgʻatuvchisini tashib yuruvchilar topilsa, jamoadan ajratiladi va davolanadi.
Oldini olish uchun quloq, tomoq va burun boʻshligʻining yalligʻlanish va yiringli kasalliklarini oʻz vaqtida davolash lozim[2].