Moddiy nuqta

Moddiy nuqta - kuzatilayotgan sharoitda kattaligi va shakli ahamiyatsiz boʻlgan harakati oʻrganilayotgan jism. Muayyan jismni Moddiy nuqta deb qabul qilish mumkin yoki mumkin emasligida jismning oʻlchamlariga emas, balki masalaning shartlariga bogʻliq. Masalan, oʻrtacha radiusi 6371 km boʻlgan Yer shari Quyosh atrofidagi orbitasida har sekundda 29,75 km dan yoʻl bosib, bir yil davomida bir marta aylanib chiqadi. Bunday sharoitda Yer sharining kattaligi, shakli va uning ichida sodir boʻlayotgan murakkab jarayonlar uning orbita boʻylab harakati oʻrganilayotganda ahamiyatsiz boʻladi. Demak, Yerning Quyosh atrofidagi orbita boʻylab harakati oʻrganilayotganda uni Moddiy nuqta deb qabul qilish mumkin. Ammo Yer sirtidagi biror transport vositasining harakati oʻrganilayotgan boʻlsa, bunday sharoitda Yer sharining kattaligi va shakli, albatta, eʼtiborga olinishi shart, yaʼni bu sharoitda Yerni Moddiy nuqta deb kabul qilish mumkin emas. Moddiy nuqta tushunchasi fizika faniga oid juda koʻp hodisalarni tushuntirishda va masalalarni hal etishda katta yordam beradi.[1]

  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil