Nizomulmulk (1017-yil, Tuye – 1092-yil, Nahovand) – Saljuqiylar davlati arbobi Abu Ali al-Hasan ibn Ali ibn Ishoq at-Tusiyning unvoni, „Nizomulmulk“, yaʼni mulkning nizomi, tartibi nomi bilan shuhrat qozongan. Nishopur va Marvda oʻqib, voyaga yetgach, Balxga borib, Ali ibn Shodon xizmatiga kiradi. Keyinchalik u Dovud ibn Mikoilga dabir boʻladi. Saljuqiylar shohi Alp Arslon saroyida vazirlik mansabigacha koʻtariladi. 1072-yil Alp Arslon oʻldirilgach, uning oʻgʻli, 17 yoshlik Malikshoh (1072–1092-yillar) saroyida Nizomulmulk vazirlik qilib, qariyb davlatning hamma ishlarini oʻzi olib borgan. Malikshox uni oʻz homiysi – otabek deb atagan. Nizomulmulk mamlakatda yirik mulkdorlar va qabila boshliqlarining ayirmachilik (separatistik) harakatlariga qarshi kurashib, davlatni boshqarish ishlarini markazlashtirish siyosatini oʻtkazgan. 1067-yil Bagʻdodda „Nizomiyya“ aqoid va huquq madrasasini qurdiradi. 1091-yil „Siyosatnoma“ („Siyar ul-muluk“) asarini yozadi. Unda davlat boshqaruviga aloqador qariyb hamma qoida va qonunlar, usul va vositalar, qozi va qozixona ishlari, qoʻshin va sarbozlar, xizmatchi va shaxsiy sarbozlar masalalari, saroydagi soqchilaru posbonlar vazifalari, ularning maoshlari, pochta va aygʻoqchilik (razvedka) ishlari, ularning moddiy jihatlari, hatto shohning oilaviy ishlari, soliq va hiroj, zakot va vaqf masalalari ham oʻrin olgan. Asarning asosiy gʻoyasi shundan iboratki, vazir Nizomulmulk shoh va hokimlarni adlu insofga, sulh va muruvvatga, davlatni oqilona boshqarib, qatʼiy qoida va tartib oʻrnatishga, amaldorlarni vijdonli, pok, halol va iymonli boʻlishga, mamlakat obodonligi, uning ahli farovonligi, tinchlik va totuvligini taʼminlash uchun harakat qilishga daʼvat qiladi. Nizomulmulk Bagʻdod safari yoʻlida yollangan qotil tigʻidan halok boʻladi.