Osiyo

Osiyo
Maydoni 44,579,000 km²[1]
Aholisi 4,462,676,731 (2016)
Aholi zichligi 100/km2
Etnoxoronim Osiyolik
Davlatlar 59 ta
Vaqt mintaqalari UTC+2dan UTC+12gacha
Yuqori darajali internet domeni .asia
Yirik shaharlar Tokyo, Jakarta, Dehli, Karachi, Seul, Shanxay, Manila, Mumbay, Beijing, Toshkent, Osaka, Dhaka, Bangkok, Chennay, Chittagong, Tehron, Dubay, Singapore

Osiyo — Yer sharidagi eng yirik va eng aholisi koʻp qitʼa boʻlib, shimoliy va sharqiy yarimsharning barcha geografik mintaqalarini oʻz ichiga oladi. Malay arxipelagi qisman janubiy yarimsharga kirib borgan. Osiyoning materikdagi eng chekka nuqtalari shimolda Chelyuskin burni, janubda Piay burni, sharqda Dejnyov burni, gʻarbda Bobo burni hisoblanadi. Bugungi kunda ushbu qitʼada 4.5 milliard kishi yashaydi va bu koʻrsatkich Yer yuzidagi aholining 60 % ga teng.[2]

Osiyo shimoldan Shimoliy Muz okeani, sharqdan Tinch okean, janubdan Hind okeani, janubiy-gʻarbdan Atlantika okeani va bir nechta dengizlar (Oʻrta, Egey, Marmar, Qora, Azov) hamda Kaspiy dengizi bilan oʻralgan. Bering dengizi esa Osiyoni Amerikadan ajratib turadi. Suvaysh boʻyni Osiyoni Afrika bilan tutashtiradi. Yevropa bilan Osiyo chegarasi shartli ravishda Ural va Mugʻojar togʻlarining sharqiy etagidan, Emba daryosi, Kaspiy dengizi, Kuma va Manich daryolari boʻylab oʻtadi.

Osiyoning maydoni 44,5 million km², shundan 8 million km²i yarim orollar, 2 million km² dan ortigʻi orollardir. Osiyo dunyoda mutlaq balandliklari katta farq qiladigan qitʼadir. Dunyodagi eng baland choʻqqi (Himolay togʻlaridagi Jomolungma choʻqqisi, 8848 m), eng chuqur botiqlar, jumladan koʻl boʻlib qolgan botiqlar ham (eng chuqur joyi 1620 m boʻlgan Baykal koʻli, dengiz sathidan 392 m past boʻlgan Oʻlik dengizi), ochiq botiqlar ham (mutlaq belgisi 154 m boʻlgan Turfon soyligi) ushbu qitʼada joylashgan.

  1. National Geographic Family Reference Atlas of the World. Washington, DC: National Geographic Society (U.S.), 2006 — 264-bet. 
  2. „Population of Asia. 2019 demographics: density, ratios, growth rate, clock, rate of men to women.“. www.populationof.net. Qaraldi: 2-iyun 2019.