Qashqar

Qashqar, Qizilsuv — Xitoyning gʻarbiy qismidagi daryo, boshlanish qismi Qirgʻiziston va Tojikiston hududlarida. Uzunligi 765 km (685 km Xitoyda), havzasining maydoni 90,8 ming km². Daryo Olay va Orqa Olay tizmalarining yon bagʻirlaridan boshlanib, quyi qismida Qashqar tekisligida oqadi. Suvi vohani sugʻorishga sarflanadi. Oʻrtacha suv sarfi quyi qismida 77 m³/sek., eng yuqorisi 500 m³/sek. Yozda suvi koʻpayadi. Daryo koʻp oqiziq keltiradi. Q. dastlab Yorkend daryosiga quyilgan, endilikda undan gʻarbda joylashgan Toʻgʻroqqum qumlariga singib ketadi. Q. boʻyida Qashqar shahri joylashgan.