Quvushshoxlilar — juft tuyoqli sut emizuvchilar oilasi. Gavdasi har xil kattalikda. Erkagi urgʻochisiga nisbatan yirikroq. Erkaklarida, koʻpincha ur-gʻochilarida ham 1 juft, baʼzan 2 juft (4 shoxli antilopa) shoxi bor. q. shoxlari muguz bilan oʻralgan; hayoti davomida almashinmaydi. 43 uruqqa mansub 125 turi maʼlum. Avstraliya va Antarktidadan tashqari barcha qitʼalarda tarqalgan.
Q. — oʻtxoʻr, aksariyat poligam. 1—5 ta bola tugʻadi. Koʻpchilik turlari kichik poda boʻlib yashaydi. Ayrim antilopalar boshqa hayvonlar (fillar, zebralar, tuyaqushlar va boshqa antilopalar) bilan birga baʼzan katta poda hosil qiladi. Koʻpchilik turlarining soni keskin kamayib bormoqsa; ayrim turlari (jayron, zubr) faqat milliy bogʻlarda saqlanib qolgan. Oʻzbekiston faunasida 5 turi, jumladan, saygʻoq maʼlum; 4 turi (arhar, jayron, morxoʻr, togʻ takasi) Oʻzbekiston Respublikasi Qizil kitobiga kiritilgan (yana qarang Juft tuyoqlilar).
Ushbu maqolada Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |