Rokoko (frans. rococo), rokayl — 18-asr 1-yarmida Yevropa nafis sanʼatida yuzaga kelgan uslub (bezaklari chigʻanoqqa oʻxshatib gajaksimon ishlanadi). Dastlab Fransiyada paydo boʻlgan, keyinchalik Germaniya, Avstriya va boshqa mamlakatlarga tarqalgan. 30—40-yillarda R. eng gullagan davrini boshidan kechirgan. Absolyutizm inqirozi davrida kiborlarga xos boʻlgan xususiyatlar, yaʼni real hayotdan qochib, soxta teatrlashtirilgan hayot tarziga intilish va boshqalarni oʻzida aks ettirgan. Meʼmorlikda bezakka taʼsir etib, jimjimadorlikka eʼtibor kuchaydi: nozik hoshiyalarga olingan oʻyma va boʻrtma naqshlar, oʻrama, kartush, rokayl va boshqa keng qoʻllandi; binolarda simmetriya oʻrnini asimmetriya, tartibsizlik egallay boshladi. Binolar tashqi koʻrinishi jiddiy va sipo ishlangani holda xonalarni bezashga eʼtibor ortdi, bino, uning xonalari uchun olingan nisbatlar ham yengil va nafislikka ega boʻla boshladi, xonaning ichki qismi yengil "pastel" rangida ishlangan naqshlar, afsonalardan olingan kichik suratlar bilan bezatildi, xonalarning burchaklari yoʻq qilinib oval shakliga ega boʻla boshladi. Ichki bezaklarda koʻzgularning bezak imkoniyatlari ham hisobga olindi, mebellar ham xona va uning bezagiga moslab tanlandi (meʼmorlar J. M. Oppener, J. O. Meysonye, J. Bofran va boshqalar).
Rangtasvir, grafika va haykaltaroshlik R. asarlari oʻta nafis, nozik sahnalar bir oz oʻynoqi va jimjimadorligi bilan ajralib turadi. Bezak va dastgoh sanʼatida namoyon boʻlgan devor, plafon, eshik tepasiga ishlangan tasvirlar, gobelenlar koʻngil ochishga moʻljallangan mavzular bilan toʻldirildi; odam krmati bezak boʻlagiga aylana bordi; kompozitsiya qurilishi yengillik, mayinlik hislatini ifodalashga boʻysundirildi. Rasmlar mavzusi ham birmuncha cheklangan boʻlib, ishq-muhabbat, kiborlarning koʻngil ochishi va dam olishi, pastoral mavzuda (tabiat qoʻynida erkin, farogʻatda yashayotgan choʻpon yigit va qizlar hayotiga bagʻishlangan) asarlar yaratildi, portretlar chizildi (rassomlar F. Bushe, A. Vatto, N. Lankre, J. Fragonar va boshqalar). Haykaltaroshlikda relyeflar, binolar interyerini bezaydigan haykallar (haykalcha, byust, terrakotadan yasalgan naqshlangan yoki sirlanmagan chinnilar) keng oʻrin egalladi. Nozik ranglar jilosiga boy R. rangtasviri ham bezak xususiyatiga ega edi. Amaliy sanʼat ustalari xom ashyoning ifoda imkoniyatlarini nozik ochib bera oldi.
18-asr oʻrtalaridan R. uslubi kompozitsiyalarining haddan ortiq murakkabligi, jimjimadorligi tanqidga uchray boshladi. R. oʻrnini klassitsizm egallay boshladi.[1]