Shayton — islom, xristianlik va boshqa dinlarning taʼlimotlariga koʻra, yovuz ruh yoki yovuz ruhlarning boshligʻi, dunyodagi yovuzliklarning aybdori, odamlarni gunohga yetaklovchi kuch[1]. Shayton toʻgʻrisidagi tasavvur „satanas“ shaklida yunon tilidan xristian adabiyotiga, undan Yevropa tillariga, „satana“ shaklida rus tiliga oʻtgan. Qurʼonda talqin qilinishicha, shaytonni Alloh olovdan yaratgan, keyinchalik amriga itoat qilmagani uchun uni toshboʻronga sazovor (arabcha „rajim“) deb laʼnatlagan. Lekin Alloh bandalarini uning vasvasalariga aldanishi yoki aldanmasligini sinab koʻrish uchun shaytonga muxlat bergan. Shuning uchun u barcha odamni yoʻldan ozdirishga harakat qiladi. Qurʼonda „shayton“ soʻzining sinonimi sifatida „iblis“ iborasi ham qoʻllangan.
Shayton soʻzi firibgar, ayyor odamlarga nisbatan ham ishlatiladi.