Shtat

Shtat (inglizcha: state — „davlat“) — 1) ayrim mamlakatlar (AQSh, Braziliya, Venesuela, Meksika, Nigeriya va boshqalar)da federatsiya subyektlarining nomi. Shtatning huquqiy holati, uning hokimiyat organlari vakolatlari doirasi, markaziy hukumat bilan oʻzaro munosabatlari federal konstitutsiya bilan belgilanadi. Ayrim mamlakatlar (AQSh, Meksika)da shtatlarning oʻz konstitutsiyasi bor. Shtatga saylanadigan yoki tayinlanadigan gubernator rahbarlik qiladi, uning vakolatlari baʼzi jihatdan davlat boshligʻining vakolatiga oʻxshab ketadi. Shtatda qonun chiqaruvchi organ, odatda, ikki palatali boʻladi. Shtat oʻz sud tizimiga va qoidaga koʻra, oʻz jinoyat hamda fuqarolik qonunchiligiga ega boʻladi. Shtat suveren davlat hisoblanmaydi; 2) muassasa, korxona ishchi-xizmatchilarining tarkibi.