|
Sikhizm — Hindistondagi monoteistik din; hinduiylikning diniy islohotchilik harakatining gʻoyaviy shakllaridan biri. 16-asr boshlarida Panjobda paydo boʻlgan. Sikhizm asoschisi — Nanak (1469—1539). Ilk Sikhizm shaharda yashovchi savdogar-hunarmandlar doiralari mafkurasini ifodalagan. Sikhizm barcha odamlarni xudo oldida teng hisoblaydi, tarkidunyochilik (asketizm), monaxlikni qoralaydi, maʼnaviy ustoz — guruga soʻzsiz tobelikni targʻib qiladi. 18-asr boshida zamindorlarga qarshi harakatning mafkurasi boʻlgan, biroq 18-asr 2-yarmiga kelib sof diniy oqimga aylandi. Hozirgi vaqtda sikhlar oʻrtasidagi ijtimoiy ziddiyatlarning kuchayishi bois ularning ichida turli oqimlar va siyosiy partiyalar vujudga kelgan. Sikhizmning diniy markazi Amritsar shahri hisoblanadi.