Tabu

Tabu (polinezcha – taqiqlash) – 1) ibtidoiy jamiyat bosqichidagi xalqlarda tarqalgan taqiqlash tizimi. Tabuning eng mukammal koʻrinishi Polineziyaaa saqlangan. Bu soʻz aslida Polineziyada paydo boʻlib, dastlab mashhur ingliz dengiz sayyohi J.Kuk (182879) tomonidan Yevropaga maʼlum qilingan va bayon etib berilgan. Polineziya xalqlari diniy eʼtiqodlariga koʻra, har bir inson tugʻilishi bilan qudratli gʻayri tabiiy kuch – „mana“ga ega boʻladi. „Mana“ juda xavfli boʻlib, birovga tegsa oʻlim keltirishi mumkin. U tabaqalarga qarab har xil kuchga ega, qullarda „mana“ boʻlmagan, ammo aksincha, buyuk sardorlar qudratli „mana“ egasi hisoblangan. „Mana“ tushunchasi „tabu“ soʻzi bilan bevosita bogʻliq. Nimaiki „mana“ egasi boʻlsa, oʻsha narsa xavfli, yaʼni unga tegish man qilingan – tabu qoʻyilgan. Polineziya xalqlarida juda keng Tarqalgan tabu tizimini kim buzsa, rioya qilmasa qabila boshliqlari, zodagonlar tomonidan qattiq jazolangan. Shuningdek, oʻsha davr tasavvurlariga koʻra, tabu ni buzgan odamning gʻayri tabiiy kuchlar, ruhlar, xudolar kasallik yoki oʻlim bilan jazolaydi, deb tushunilgan. Orolliklarda xudo va ruhga, kohin va qabila boshliqlariga aloqador boʻlgan hamma narsa tabu lashtirilgan. Tabu tizimi jamiyatda tabaqalanishni ifodalagan. Tabu obyektlari – buyumlar, soʻzlar, hayvonlar va boshqa bulishi mumkin. Aksariyat tabu lar moddiy buyumlarga taalluqli boʻladi. Tabu insoniyat jamiyati shakllanayotgan davrda individ xatti-harakatini jamoa manfaatlariga buysundirish ehtiyoji bilan bogʻliq ravishda kelib chiqqan boʻlishi mumkin. Tabu urugʻchilik jamiyatida inson hayotining muhim tomonlarini, avvalo ekzogamiya nikohi meʼyorlariga rioya qilinishi (masalan, urugʻ ichida jinsiy aloqalarning taqiqlanishi)ni tartibga solgan. Jamiyat taraqqiy etgan sari tabuning bir qismi odat huquqiy meʼyoriga aylangan, koʻpchiligi esa dinga taqiq sifatida kiritilib, uni buzish gunoh hisoblangan. Hozirgi davrda ham tabuning baʼzi koʻrinishlarini uchratish mumkin. 2) Tilshunoslikda muayyan soʻzlar, iboralar yoki atoqli otlarni qoʻllashni taqiqlash, man etish. Ibtidoiy davrlarda tabiat hodisalarining sirini bila olmagan inson qoʻrquv uygʻotadigan sehrli va zararli yovuz kuchlardan, jin, arvoxlardan, ofatli kasallik va yirtqich hayvonlardan saqlanishning yagona chorasi ularning nomini aytishni man etish, atamaslik deb tushungan. Ayniqsa, kishi nomiga nisbatan tabu keng tarqalgan. Masalan, oʻlganning nomini, dohiy yoki podshohning, maʼbudlarning nomini va baʼzi qarindoshlar (qaynota, qaynona, er, qaynogʻa)ning nomini aytish, ularni ovoz chiqarib chaqirish taqiqlangan va bunday atoqli otlar tegishli tavsifiy iboralar bilan almashtirilgan. Ovlanadigan, tirikchilik manbai boʻlgan hayvon nomlari, kishini seskantiradigan jonivorlar va boshqa voqea va jarayonlar ham baʼzan tabulashtirilgan. Masalan, chayon soʻzi, oʻzbek shevalarida eshak, benom, gazanda, ayriquyruq, beshboʻgʻin va boshqa nomlar bilan atalgan. Hozirgi tillarda oʻlim haqida, ogʻir kasallik haqida toʻgʻridan-toʻgʻri gapirmaslik, yoqimsiz, noxush narsalarni eslash, eslatishdan qochish odatini ham tabuga kiritish mumkin. Tabu soʻzlar oʻrniga boshqa soʻzlar – evfemizmlar zarur boʻladiki, boshqa tillar singari, oʻzbek tilida ham bunday soʻzlar koʻpchilikni tashkil etadi.