Taxta — turli yogʻoch gʻoʻlalarni boʻylamasiga tilish yoʻli bilan tayyorlanadigan mahsulot. Binokorlik, mebelsozlik va idish (yashik) lar tayyorlashda ishlatiladi. Ignabargli daraxtlar (tiloyuch, qayrogʻoch, terak, tol, yongʻoq, tut, chinor va boshqalar) gʻoʻlalari T. uchun xom ashyo sanaladi. T.lar shakliga koʻra, ikki qirrasi tekis tilingan, ikki qirrasi chala arralangan yoki umuman arralanmagan, gʻoʻlaning yonlaridan chikadigan pushtaxta (gorbil) kabi xillarga boʻlinadi. Qalinligi 8 mm dan 100 mm gacha, uzunligi esa 9 m gacha boʻlishi mumkin. Qurilishda 30, 40, 50 mm qalinlikdagi T.lar koʻp ishlatiladi. Taxtalar toʻgʻri chiziqliligi, koʻzlarining boryoʻqligi va boshqa sifatlariga kura 6 xilga bulinadi. Transport yoʻlida ishlatiladigan yogʻoch gʻoʻlalar shpal deb ataladi. Shpallarning qalinligi 13—17 sm, uzunligi esa 2,5—2,7 m ni tashkil etadi. Shpalning toʻrt tomoni tilingan boʻlsa — qirqilgan, ikki tomoni (pasti va usti) arralanib, qolgan ikki tomoni shunday qoldirilsa — yonbosh shpallar deb ataladi.
Ushbu maqolada Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |
Bu andozani aniqrogʻiga almashtirish kerak. |