Qayta yoʻnaltirish:
Urxon, Oʻrxon Gʻoziy (1281 — 1359) — turk sultoni (1324—1359), Usmon I ning oʻgʻli. Usmon I ning harbiy yurishlarida yoshligidan muvaffaqiyatli ishtirok etgan. Otasining vafoti (1324) dan soʻng , bu davlatni gʻarbda — Vizantiya imperiyasi yerlari va sharqda — qoʻshni turkiy bekliklar hisobiga kengaytirish jarayonini davom ettirdi. 1326 y. aprelda u Kichik Osiyoning shim.gʻarbidagi yirik shahar — Bursani egallab, poytaxtni Melangiyadan Bursaga koʻchirgan. Bir necha yil mobaynida Kichik Osiyoning butun shim.gʻarbiy hududlarini zabt etib, Qora dengiz qirgʻoklariga, keyinchalik Dardanell boʻgʻozining sharkiy sohillarigacha yetib borgan.
U. ilk marta oʻz davlatida vazir lavozimini taʼsis etgan va akasi Alouddinni vazir qilib tayinlagan (u bu lavozimda oʻlimiga qadar 7 y. ishlagan). Usmonlilar davlatida kumush tanga zarb qilinib (1327), davlat yerlari maʼlum boshqaruv birliklariga ajratilgan. Qoʻshinda ham islohotlar (1329) oʻtkazilib, muntazam armiya: piyoda va otliq qoʻshinlar kabi harbiy qismlar tashkil qilingan. Shu jihatdan olganda ham Usmoniylar davlatining keyingi taraqqiyotida U.ning xizmatlari katta boʻlgan.
U. faqat Vizantiya bilan cheklanmasdan, sharqiy hududlar hisobidan ham oʻz davlatini kengaytirgan. Turkiy bekliklardan birining hukmdori Elxon Erten vafot etgach, uning mulkini oʻz davlatiga qoʻshib olgan va Anqarani egallagan (1354). 14-a. oʻrtalarida usmonlilar armiyasining Yevropaga dengiz yoʻli orqali hujum qilish rejasini amalga oshirish uchun intilgan.
U. hukmronligi davrida Bursa va Edirnada turklashish va islomlashish jarayonlari yuz berib, bu poytaxt shaharlar yirik siyosiy va madaniy markazlarga aylangan.