Vaqf

Vaqf (arab.) — shariatda davlat yoki ayrim shaxslar tomonidan diniy ehtiyoj yoki xayriya ishlari uchun ajratilgan mol-mulk. Vaqfnoma orqali rasmiylashtiriladi. Yer-suv, uy-joy, maktab, madrasa, masjid, shifoxona va boshqalar vaqf mulki boʻlishi mumkin. Oʻz mulkini vaqfga topshirgan shaxs mazkur mulkka nisbatan egalik huquqini yoʻqotadi. Lekin uning oʻzi yoki oila aʼzolari yoxud uchinchi bir shaxs vaqf mulkidan vaqfnomada qayd etilgan maqsadlarda foydalanilayotganligini aniqlash uchun vaqf mulkini boshqarish huquqini saqlab qolishi mumkin. Oʻz mulkini vaqf mulki sifatida topshirgan shaxsning farzandlari yoki boshqa avlodlari mazkur vaqf mulkidan keladigan daromadlardan nafaqa olib turishi mumkin. Vaqf mulkini shariat qonuni boʻyicha davlat boshligʻi yoki qozi nazorat qiladi. Bu tartib Sharqning baʼzi mamlakatlarida hozir ham amalda.