Xorazmiy

Xorazmiy, Xofiz Xorazmiy (XIV asr) — o‘zbek shoiri.

Isteʼdodli shoir, temuriylar davri adabiyotining yirik namoyandasi. Xorazmiy — shoirning adabiy taxallusi, ismi va hayoti voqealari maʼlum emas. Birgina asari «Muhabbatnoma» (1353) Sirdaryo boʻylarida yozilgan va Oltin Oʻrda hukmdorlaridan Muhammad Xoʻjabek (Oltin Oʻrda xoni Jonibekning oʻgʻli)ga bagʻishlangan.

«Muhabbatnoma» oshiqning oʻz maʼshuqasiga yozgan sheʼriy maktublari shaklida tuzilgan. Asar 11 nomadan iborat boʻlib, sakkiz nomasi oʻzbek tilida, uchtasi (4, 8,11) fors tilida yozilgan. Asarning ikki — arab va uygʻur yozuvidagi nusxalari mavjud. Ular Londondagi Britaniya muzeyida saqlanadi.

Asar tarkibida gʻazal, masnaviy, qitʼa, munojot, fard va boshqa janrlar ham uchraydi. «Muhabbatnoma»ning 1508-yil koʻchirilgan arab yozuvidagi nusxasi qayta nashr etilgan, uning asosida ilmiy tadqiqot ishlari (A.Samoylovich, S.Qosimov, A.Sherbak) olib borilgan.

Oʻzbek adabiyotining Navoiygacha boʻlgan atoqli vakillaridan, noma janrining asoschisi. Hayoti va ijodi haqida ayrim maʼlumotlar uning bizgacha saqlanib qolgan yagona asari "Muhabbatnoma" orqali yetib kelga’ "Muhabbatnoma" Oltin Oʻrda xoni Jonibekning hukmdorlaridan Muhammad Xoʻjabekning taklifi bilan 1353 yilda yozilgan. "Muhabbatnoma"ning "Bayoni voqeni aytur" qismidan maʼlum boʻlishicha, X. ilgari ham koʻp sheʼrlar yozgan, ayniqsa, muhabbat mavzuidagi asarlari bilan shuxrat qozongan, lekin ular forsiyda yozilgan boʻlib, Muhammad Xoʻjabek shoirdan ishqiy mavzuda turkiycha kitob yozib berishni iltimos qilgan. X. asarining maydonga kelishida Avhadiy Marogʻaviyning forscha yozilgan "Muhabbatnoma" dostonining taʼsiri boʻlgan. Lekin Avhadiyda nomalar oshiq va maʼshuqa nomidan yozilgan boʻlsa, X.da oshiqning mahbubasiga yoʻllagan sheʼriy nomalari jamlangan. Har bir maktub muallifning chuqur kechinmalari, murojaati bilan boshlansada, unda maʼshuqa husnu jamoli, feʼlatvorining mubolagʻali tasviri birinchi oʻringa chiqadi. Nomalar mohiyat eʼtiboriga koʻra, vasf bilan madhning sintezidan iborat.

Asar bilan Navoiy ham tanish boʻlgan. "Muhokamat ul-lugʻatayn"da turkiy tilning boyligini isbotlamoq maqsadida "Muhabbatnoma"dan misol keltiradi.

"Muhabbatnoma"ning 2 ta qoʻlyozma nusxasi (uygʻur va arab yozuvlarida) maʼlum. Shulardan eskisi uygʻur yozuvidagi nusxa boʻlib, Britaniya muzeyida (inv. № 8193) saqlanadi. Nusxa Shohruxning Hirotdagi sarkardasi Mir Jaloliddin topshirigʻi bilan Bakir Mansur tomonidan 1432 yilning martida Yazd shahrida koʻchirilgan. Oʻnta noma berilgan. 364 baytdan tarkib topgan.

Asarning arab yozuvidagi 2nusxasi ham Britaniya muzeyida saqlanadi (inv. №Add 7914), 1508—09 yillarda koʻchirilgan, 474 baytdan tarkib topgan. Mafoiylun mafoiylun fauvlun vaznida yozilgan.

"Muhabbatnoma" keyingi shoirlarga katta taʼsir koʻrsatgan. Xoʻjandiy ("Latofatnoma"), Yusuf Amiriy ("Dahnoma"), Sayyid Ahmad ("Taashshuqnoma") unga nazira bitganlar.