Yil

Yilvaqt oʻlchov birligi: Yerning Quyosh atrofida bir marta toʻla aylanib chiqadigan vaqtga yaqin. Uning davomiyligiga olimlar qadimdan qiziqqanlar. Qad. Xitoy va Misrda Yil ancha aniq hisoblangan. Yunon olimi Gipparx mil. av. 2-asrda Yil "1/300 kuni kam 365 1/4 kun" ekanligini aniqlagan. Bu esa hozirgidan farq qiladi (qarang Kabisa yil). Hoz. vaqtda turli Yil tushunchalari qoʻllanadi. Masalan, Quyoshning koʻrinma harakatida uning yulduzlarga nisbatan ketma-ket 2 marta bir xil vaziyatni egallashi orasida oʻtgan davr yulduz Y.i (siderik Y.) deyiladi; uning davomiyligi 365,256360 oʻrtacha sutkaga teng. Quyoshning bahorgi teng kunlik nuqtasidan ketma-ket 2 marta oʻtishi orasidagi davr tropik Yil deyiladi, u 365,242196 oʻrtacha sutkaga teng. Bundan tashqari, anomalistik Yil — Quyoshning perigeliydan ketma-ket 2 marta oʻtish orasidagi davr (365,259641 oʻrtacha sutka), ajdar Yil — Quyoshning Oy orbitasi tugunlarining biridan (koʻtariluvchi yoki pasayuvchi) ketma-ket ikki marta oʻtishi orasidagi davr (346,620047 oʻrtacha sutka) va boshqa Yil hisoblari mavjud. Shuningdek, Yilning fasl, oylarga boʻlinishi va davomiyligiga qarab hijriy-qamariy, hijriy-shamsiy Y. hisoblari va hokazo mavjud (qarang Kalendar).[1]

  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil