Yoztepa

Yoztepa, Yozdepe — ilk temir davriga oid qishloq harobasi (mil. av. 94-asrlar). Turkmanistonning Murgʻob vohasida, Bayramali sh.dan 34 km shim.gʻarbda joylashgan. Mayd. 16 ga ga yaqin. 1954—56 yillarda professor V. M. Masson oʻrgangan. Tepalik ustiga yirik xom gʻishtdan qurilgan hisor atrofi devor bilan oʻrab olingan. Hisorning jan. qismidan jamoat binosisaroy yoxud ibodatxona qoldiklari qazib oʻrganilgan. Bu yerda usti yopiq bir nechta tor xona hamda katta, tarxi toʻrtburchak zal tadqiq qilindi. Binoning shim. tomonida hovli joylashgan. Hisor atrofida 3 uy va kichik tor kucha qoldigʻi chiqqan. Xonalarning bir qismi xoʻjalik xizmatini oʻtagan (omborxona, oshxona). Aholining asosiy mashgʻuloti sugʻorma dehqonchilik boʻlgan. Yirik kanallardan iborat irrigatsiya shoxobchasi izlari aniklangan. Bu kanallarning har ikki tomoniga dalalarni bevosita sugʻoradigan ariqlar chiqarilgan. Xumdon, temir boltalar, pichoq, yorgʻuchoq, igna, bigiz, jez paykonlar topilgan. Yo. II davri (mil. av. 7-asrdan) dan boshlab barcha sopol buyumlari (oshxona idishlaridan boshqa) kulolchilik charxida tayyorlanib, sirti tiniq angob bilan qoplangan. Qozonlar qoʻlda, qoʻpol qoliplarda tayyorlangan. Yo.liklar xom gʻisht (55x25x11 sm)dan ishlangan koʻp xonali uylarda yashashgan. Xilma-xil shakldagi naqshli sopol idishlarning topilishi Yo.da kulolchilik keng taraqqiy etganidan dalolat beradi. Sopol idishlar, asosan, kulolchilik charxida va qoʻlda ishlangan. Idishlarning sirtiga toʻr, tasmasimon, toʻrtburchak, uchburchak shaklida rangli naqsh berilgan. Bundan tashqari jez va temirdan qilingan ov va mehnat qurollari, turli taqinchoqlar uchraydi. Yo.da oʻtkazilgan arxeologik qazishmalar Murgʻob vohasida dehqonchilik bilan shugʻullangan eng qad. oʻtroq qabilalarning hayoti haqida boy maʼlumotlar berdi.